EGOSENTRIZM

EGOSENTRIZM (lotincha ego — men va — markaz) — shaxsning o’z qiziqish doirasiga bog’lanib qolishi, boshqa odamlar va narsalarga nisbatan o’zining dastlabki bilishiga oid qarashi yoki fikrini o’zgartira olmasligi, hatto o’z tajribasiga qarama-qarshi axborotlarga moslasha bilmasligidan iborat, xislati. Egosentrizm negizida insonning o’z nuqtai nazariga qarama-qarshi qarashlar mavjud bo’lishi mumkinligini tan olmasligi, tushuna bilmasligi hodisasi yotadi. Shaxsda o’ziga haddan ziyod ishonish ustuvorligi tufayli u boshqalarning ruhiy holatlari, baholash tizimini o’ziniki bilan aynan bir xil deb tasavvur qiladi. Egosentrizmni oddini olish uchun shaxsda tadrijiy ravishda «o’zlik» markazidan «bizlik» «umumiylik» xattiharakatiga o’tish qobiliyatini rivojlantirish (desentrasiya)ni yo’lga qo’yish joiz. Yakka shaxs jamoa, millat, jamiyat bilan hamkorlik qilgandagina komil insonga aylanishi hamda qo’pchilik fikri va izmiga tushishi yuksak naf keltirishini uqtirish lozim. Turmushning barcha sohalarida faol ishtirok etish orqaligina Egosentrizmdan xalos bo’lish mumkin. Egosentrizm ilk bolalikdan yaqqol ko’zga tashlanadi, lekin 12-14 yoshlarda bu holat yanada kuchayadi, hatto keksalik davrida ham davom etadi. Tadqiqotlarda Egosentrizmning bir necha turlari o’rganilgan: a) bilishga oid Egosentrizm shaxsning idrok va tafakkur jarayonlarida namoyon bo’ladi; b) xulq-atvor Egosentrizmi odamlarning hatti-harakati, xulqi va qilig’ini idrok etishdagi noqobillikda ifodalanadi; v) muomala Egosentrizmi inson tomonidan axborotni o’zgalarga uzatishda yuzaga keladi, boshqalar qo’llagan tushunchalar, ma’lumotlar va fikrlash mantig’iga mensimay munosabatda bo’lishida aks etadi. Shaxslararo munosabatga kirishish, ishbilarmonlik o’yinlari bilan shug’ullanish orqali insonda Egosentrizmning kamayishi kuzatiladi.