EHROM

EHROM (Arabcha — chegaralanish, ibodat holatiga o’tish) — 1) musulmonlarning katta va kichik haj qilish (haj va Umra) vaqtidagi alohida holati. Ehrom hajni dili bilan niyat qilish, haromdan muhofazalanishdir, ehromdagi kishi «Muhrim» deb ataladi. Muhrim odobdan tashqari so’z so’zlash, xotini bilan yaqinlik qilish, gunoh ishlarga qo’l urishdan saqlanishi lozim. Muhrim kishi tirik mavjudotni o’ldirmaydi, tikilgan libos kiymaydi, oyog’iga paypoq, mahsi, etik kiymaydi, yuzini, boshini biror narsa bilan to’smaydi, xushbo’y narsa surtmaydi, tirnoq, soch, mo’ylarini olmaydi; 2) Ehrom holatiga kirganlar tanaga o’raydigan mato. Hojilar haj kunlarida Ehromga o’ralgan holatda barcha ibodatlarni ado etadilar. Ehromga kirish odatida musulmonlarning mulkiy va jamiyatdagi ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar umumiy tengligi g’oyasi o’z ifodasini topgan.

EHROM — keng ma’noda ibodatgoh binosi; Misr me’morligida to’g’ri piramida (ba’zan zinapoya yoki minorasimon) shaklidagi monumental inshoot; asosan qadimiy dunyoga xos bo’lgan. qadimiy Misr fir’avnlarining maqbaralari (taxminan miloddan avvalgi 2800 — 1700) Ehrom deb atalgan. Misr Ehromlarining eng yirigi — Gizadagi Xeops Ehromidir (balandligi 146,6 metr, miloddan avvalgi 28-asr), Ehrom tipidagi inshootlar Markaziy va Janubiy Amerika (milodiy 1-ming yillik) da ham bunyod etilgan, qadimiy Rim va Yevropa san’atida Ehrom kabi memorial inshoot turlari (ibodatxonalarning poydevori va boshqalar)da qo’llanilgan.