EHTIYOTSIZLIK
EHTIYOTSIZLIK — ayb shakllaridan biri. Qilmish o’z-o’ziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida ana shu har 2 holatda sodir etilgan jinoyat quyidagicha ta’riflanadi: «Agar jinoyatni sodir etgan shaxs o’z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko’zi eta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan bo’lsa, bunday jinoyat o’z-o’ziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi. Agar jinoyat sodir etgan shaxs o’z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko’zi etmasada, lekin ko’zi etishi lozim va mumkin bo’lsa, bunday jinoyat beparvolik orqasida sodir etilgan deb topiladi» (22-modda). Ehtiyotsizlik tushunchasi O’zbekiston Respublikasining ma’muriy, fuqarolik, mehnat huquqlarida ham uchraydi. O’z xususiyatlariga ko’ra, Ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlar Qonunchilik asosida aybning birmuncha xavfsiz shakli deb belgilangan.