ELEKTR TOKINI UZATISH
ELEKTR TOKINI UZATISH — elektr stansiyasidan elektr energiyasini muayyan masofaga elektr uskunalari va qurilmalari yordamida etkazib berish. Elektr tokini uzatish qurilmalariga kuchlanishni kuchaytiruvchi va pasaytiruvchi transformatorlar, tayanchlarga tortiladigan simli va yerga ko’miladigan kabelli elektr uzatish liniyalari, avariyaga qarshi va himoyalash avtomatika apparatlari kiradi. Energiya liniya orqali uzatilayotganda sim qarshiligini yengish uchun energiyaning ma’lum qismi yo’qoladi. Energiyaning yo’qolish miqdori tok kuchi kvadratiga va simning qarshiligiga mutanosib (proportsional) bo’ladi. Sim qarshiligini kamaytirish uchun uning diametrini oshirish zarur. Simni tejash uchun Elektr tokini uzatish liniyalari boshiga kuchlanishni kuchaytiruvchi transformatorlar, oxiriga ega pasaytiruvchi transformatorlar o’rnatiladi. Natijada uzatilayotgan quvvat (energiya) o’zgarmaydi, kuchlanish qancha ko’paysa, liniyadan o’tayotgan tok kuchi shuncha kamayadi. Liniyaning energiya o’tkazuvchanlik imkoniyati kuchlanish kvadratiga to’g’ri, liniyadagi energiyaning yo’qolishi esa kuchlanish kvadratiga teskari mutanosib bo’ladi. Uzatish liniyalarining kuchlanishi uzatish masofasiga, uzatilayotgan elektr quvvatiga bog’liq. Uzatish liniyalari er osti yoki suv osti kabellari va havo liniyalari shaklida qurilishi mumkin. Kabelli elektr uzatish liniyalarida energiya o’tkazuvchanlik imkoniyati liniyaning aktiv qarshiligi bilan, havo liniyalarida esa induktiv qarshilik bilan cheklanadi. Amalda havo liniyalarining induktiv qarshiligi aktiv qarshiligidan bir necha marta katta bo’ladi. Shu sababli ham ancha uzoq masofaga o’ta katta quvvatni uzatish uchun o’zgaruvchan tok havo liniyalarida induktiv qarshilik ta’sirini kamaytirish choralari ko’riladi: sinxron yoki kondensatorli kompensatorlar, liniyaga parallel ulanadigan induktiv qarshilik — drossellar, liniyaga ketmaket ulanadigan sig’imli qarshilik — kondensator batareyalari qo’llaniladi. O’zgaruvchan tok uzatish liniyalari albatta uch fazali bo’ladi. Elektr energiya uzatish liniyalari faqat o’zgaruvchan tokda emas, balki o’zgarmas tokda ham elektr uzatishi mumkin. Liniya orqali uzatiladigan quvvat tokning quchlanishiga va liniyaning uzunligiga bog’liq. Elektr tokini uzatish liniyalari musbat va manfiy qutb simlaridan iborat bo’ladi. Liniyada yuqori kuchlanish bo’lishi uchun liniya boshidagi transformatorlar kuchaytirilgan o’zgaruvchan kuchlanishni to’g’rilagichlar yordamida o’zgarmas tokka aylantiradi. Liniya oxirida invertorlar yordamida o’zgarmas tok o’zgaruvchan tokka aylantiriladi, so’ngra transformatorlar yordamida yana past kuchlanishga o’tkaziladi va iste’molchilarga yuboriladi.