ELYUVIY
ELYUVIY (lotincha — yuvaman), elyuvial yotqiziqlar — tog’jinslarining joyida qolib to’plangan nurash mahsulotlari. Denudatsiya (suv, shamol va muz ta’sirida yer yuzasining yemirilishi, yuvilishi va tekislanishi) sekin kechadigan gorizontal yuza yoki qiyaliklarda shakllanadi. Strukturasi (palaxsali, sozli) va tarkibi (kaolin, temir, marganes, alyuminiy rudalari va boshqalar) ona jinslar hamda nurash tipiga, xossalari tub jinsning nurash sharoiti hamda uning davomiyligiga bog’liq. Saralanmaganligi va qatlamga bo’linmaganligi bilan farq qiladi. Elyuvial yotqiziqlar quyidagi turlarga ajratiladi: karbonatli jinslar Elyuviysi (ohaktosh, dolomit, mergel, karbonatli soz slaneslari), karbonatsiz jinslar Elyuviysi (qumtosh va sozli slaneslar, qumtoshlar, konglomeratlar va shahrik.), kristallik Elyuviy, birlamchi va metamorfik jinslar Elyuviysi (granitlar, sienitlar, diabazalar va shahrik.), jipslashgan jinslar ustida hosil bo’lgan hozirgi zamon lateritli Elyuviylar. Ko’p ming va million yillar davomida rivojlanadigan hududlar (asosan, plato va tropiklarning baland tekisliklari)da Elyuviyning qalinligi o’nlab metrni tashkil etib, yuqori qatlamlari kuchli nuragan mahsulotlar (gilli minerallar va mineral oksidlar), shuningdek, nurashga juda chidamli minerallar (kvars, rutil va boshqalar) dan tashkil topgan; ularda asoslar va o’simliklar uchun ozuqa elementlari juda kam. Yoshi uncha katta bo’lmagan maydonlar (ko’pincha to’rtlamchi muzlik davrining bevosita yoki bilvosita ta’siri ostida bo’lgan plato va o’rta hamda yuqori kengliklarning baland tekisliklari)da Elyuviy qalinligi bir necha sm yoki metrlarni tashkil etadi, tarkibi esa, asosan, nurash ta’sirida kam o’zgargan birlamchi minerallardan iborat; bunday Elyuviy asoslarga va o’simlik uchun ozuqa elementlariga boy. O’rta Osiyoda Elyuviy, asosan, cho’l zonasida uchraydi.