EMBRION

EMBRION (Yunoncha), pusht, murtak — dastlabki taraqqiyot bosqichidagi organizm; tuxumparda va pushtparda ichida bo’ladi. Odatda, urug’langan tuxumdan rivojlanadi, tuxum ichidagi zaxira oziq moddalar yoki ona organizmidagi oziq moddalar bilan oziqlanadi. Odam va hayvonlar Embrionini embriologiya o’rganadi. O’simliklar murtagi yangi individ boshlang’ichidir. U murtak xaltachasidagi tuxumhujayraning urug’lanishidan yoki nusellus hujayrasidan vujudga kelgan zigotadan rivojlanadi. Embrion rivojlanishining eng sodda tipi yashil suvo’tlar (masalan, spirogira)da uchraydi. Bunda zigota sporofit iplar hosil qilmay, to’g’ridan to’g’ri meyozga o’tadi. Moxsimonlar murtagi gametofitda o’sadi. Yalang’och urug’lilar murtagidagi erkin yadro (sagovniklarda 1024 tacha) hujayra hosil bo’lishi bilan almashinadi. Keyinchalik shakllangan Embrionda novda, ildiz va urug’pallalarning o’sish nuqtasi vujudga keladi. Ko’pchilik yopiq urug’lilar zigotasi ikki — apikal (Embrion boshlang’ichini beradi) va bazal hujayraga bo’linadi. Embriogenez ma’lumotlari asosida embrional tiplar tasnifi tuzilgan. Bundan o’simliklar filogeniyasi va evolyusiyasi to’g’risidagi masalalarni hal qilishda foydalaniladi.