EMULSIYA

EMULSIYA [lotincha — sog’ib olingan (sut)] — bir-biri bilan aralashmaydigan suyuq dispersion muhit va suyuq (ba’zan gaz) dispers fazadan iborat sistema. O’zaro Emulsiya hosil qiladigan 2 suyuqlik birbirida juda oz eruvchan bo’lishi lozim. Masalan, Emulsiya hosil qiluvchi suyuqliklardan biri suv, ikkinchisi esa suvda oz eriydigan yoki butunlay erimaydigan boshqa bir suyuqlik (masalan, yog’, benzol, xloroform va hokazolar) bo’lishi mumkin. Suvda oz eriydigan suyuqlik shartli ravishda «moy» («yog») deb ataladi. Suyuqliklarning qaysi biri dispers faza bo’lishiga qarab Emulsiya 2 turga bo’linadi. Agar «moy» tomchilari suv ichiga tarqalgan bo’lsa (ya’ni «moy» dispers faza bo’lsa), bunday Emulsiya moyning suvdagi Emulsiyasi deyiladi, aksincha,suv tomchilari moy ichiga tarqalgan bo’lsa, bunday Emulsiya suvning moydagi Emulsiyasi deb ataladi. Emulsiya jumlasiga suyuklik bilan gazdan tashkil topgan dispers sistema — ko’pikni ham kiritish mumkin, chunki ko’piqda dispersion muhit gaz bilan suyuq holatlagi chegara sirt orqali birlashadi. 2 sof suyuqlikni bir-biri bilan aralashtirib, suyultirilgan (kontsentrasiyasi 2% dan ortiq bo’lmagan) Emulsiya hosil qilish mumkin. Bunday Emulsiya bir oz vaqt o’ttanidan keyin undagi dispers faza tomchilari bir-biri bilan birlashishi tufayli 2 qavatga ajraladi. Emulsiya tomchilarining bir-biri bilan birlashish hodisasi koalessentsiya deb ataladi. Emulsiya olish uchun, birinchidan, Emulsiya tarkibiga kiruvchi suyuqliklarni yetarli darajada dispers holatga o’tkazish va, ikkinchidan, hosil bo’lgan dispers sistemani barqarorlashtirish kerak. Buning uchun sistemaga suyuqliklarning sirt tarangligini kamaytiradigan, suyuqliklar chegarasida mustahkam parda hosil qilib, dispers faza tomchilarining bir-biri bilan birlashishiga yo’l qo’ymaydigan 3-modda — emulgator kiritish kerak. Emulsiyaning xossalari ham, turi ham faqat 3 narsaga bog’liq: I) dispers faza; 2) dispersion muhit va 3) emulgatorlar. Bu 3 modda orasidagi miqdoriy va sifat nisbatlarining o’zgarishi Emulsiya xossalarini va uning turini tubdan o’zgartiradi. Emulsiya xossalari jihatidan 3 sinfga bo’linadi: suyultirilgan Emulsiyalar; kontsentrlangan Emulsiyalar; yuqori kontsentrasiyali Emulsiyalar. Bir tipdagi Emulsiyaning ikkinchi tipdagi Emulsiyaga o’tish hodisasi Emulsiya fazalarining almashinuvi deyiladi. Mexanik ta’sir natijasida ham Emulsiya fazalarini almashtirish mumkin. Masalan, qaymoqni quvlab moy tayyorlashda moysuv tipidagi Emulsiya suvmoy tipidagi Emulsiyaga aylanadi. Emulsiya texnika va biologiyada, oziq-ovqat sanoati va boshqalarda katta ahamiyatga ega. Emulsiyalanish (Emulsiyaning yemirilish) jarayonlari sovun pishirish, neft tarkibidagi suvni yo’qotish, neft solinadigan idishlarni tozalash, sariyog’ va margarin ishlab chiqarish, tabiiy kauchukni qayta ishlash, kerakli suyuqlikdagi surkov moylari tayyorlash va boshqalarda keng qo’llanadi.