FRAKIYA
FRAKIYA (Yunoncha Thrake, lotincha Thracia) tarixiy viloyat, Bolqon yarim orolining Sharqiy qismida, Egey, qora va marmar dengizlari o’rtasida joylashgan. Qadimda Frakiya hududida frakiyaliklar istiqomat qilgan. Milodiy 46 yilda Rim imperiyasi provintsiyasiga aylangan. 395 yildan Vizantiya imperiyasi tarkibida. 6-asrda Frakiyaga slavyanlar ko’chib kelgan. Frakiya qisman birinchi bulg’or podsholigi (680-1018) tarkibiga kirgan. 1204 yil Frakiya qisqa mudsat Lotin imperiyasi tarkibida bo’lib, ko’p o’tmay 15-asrda Usmonli turklar tomonidan bosib olingan. 1878 yildagi Berlin Kongressi qaroriga binoan, Frakiyaning bir qismi Sharqiy Rumeliyaga kirgan, lekin, asosiy qismi Usmonlilar imperiyasi tarkibida qolgan. 1-bolqon urushi (1912— 13) dan so’ng London tinchlik shartnomasiga asosan, Frakiya butunlay Bolgariya tasarrufiga o’tgan. 2-bolqon urushidan so’ng Buxarest sulh shartnomasiga binoan, Frakiyaning g’arbiy qismi Gresiyaga berilgan. Bolgariya-Turkiya o’rtasidagi 1913 yilgi Konstantinopol tinchlik shartnomasiga binoan, Frakiyaning Sharqiy qismi Lozengrad, Lo’liburg’az va Adrianopol (Edirne) bilan Turkiya tasarrufida. Bolgariyada esa Frakiyaning g’arbiy qismi Dedeog’och va PortoLagos posyolkalari bilan qolgan. 1-jahon urushi (1914— 18) dan so’ng Frakiyaning g’arbiy qismi Bolgariyadan Gretsiyaga, 1920 yildagi Sevr sulh shartnomasiga binoan Frakiyaning Sharqiy qismi esa Adrianopol bilan (bo’g’ozlar orasidagi tor yo’lakdan tashqari) Gresiyaga topshirilgan. 1919-22 yillardagi Gretsiya-Turkiya urushida Gresiyaning mag’lubiyati tufayli 1923 yildagi Lozanna tinchlik shartnomasiga ko’ra, Sharqiy Frakiya Adrianopol bilan (Marisa daryosigacha) Turkiya tarkibiga kiritilgan. G’arbiy Frakiya (Qoraog’ochsiz) Gresiyada qoldi, Bolgariyada esa ichki Frakiyaning bir qismi saqlanib qolgan. Bu chegaralar 2-jahon urushidan keyin ham saqlanib qolgan.