FUROT
FUROT, Frot (oromiycha — shirin suv, Arabcha nomi — Shatt ulfurot) — G’arbiy Osiyodagi eng katta daryo. Turkiya, Suriya va Iroq hududlaridan oqadi. Murod va Qorasuv daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Uzunligi Murod daryosi boshlanishidan 3065 kilometr, Murod va Qorasuv daryolari qo’shilgan joydan 2700 kilometr. Havzasining maydoni 673 ming kilometr kvadrat. Tavr tog’laridan boshlanib, chekka tizmalardan o’tganda tor dara hosil qiladi. So’ngra Suriya platosida chuqur vodiyda oqib, Mesopotamiya paettekisligiga chiqadi. Bu yerda daryo o’zanining kengligi 150-500 metr, chuqurligi 10 metrga yetadi. Quyi qismida Dajla daryosi bilan qo’shilib, Shatt ulArab deb ataladi va Fors qo’ltig’iga quyiladi. Bahorda to’lib oqadi, yoz oylarida suvi kamayadi. Tog’li qismida qoryomg’ir, tekislikda yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Toshgan vaktda suv sathi 3— 4 metr ko’tariladi. Suv sarfi Hit shahrida o’rtacha 840 m3/sek., quyi qismida 300— 400 m3/sek.gacha kamayib boradi. Furot suvi, asosan, sug’orishga sarflanadi, bir qismi bug’lanadi va yerga singadi. Daryo oqiziqlari o’rta oqimidan (yiliga 13-15 million tonna) quyilishiga tomon cho’kib kamayib boradi. Furot bilan Dajla oralig’i yer yuzidagi eng qadimgi Madaniyat markazlaridan bo’lgan. Daryo suvi qadimdan sug’orishda keng foydalaniladi. Furotda toshqinga qarshi gidrotexnik inshootlar va marzalar, gidrouzel hamda suv omborlari qurilgan. Hit shahrigacha kema qatnaydi. Sohil qismida voha ko’p.