GAAGA

GAAGA — Niderlandiyadagi shahar, Shimoliy dengiz sohilidagi port (Sxeveningin avanporti). Qirol saroyi va hukumat qarorgohi. Janubiy Gollandiyaning ma’muriy markazi. Aholisi 444 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari, shahar atrofi bilan 685 ming). Kanallar, avtomobil va temir yo’l tarmoqlari orqali Reynning quyi okqimidagi Rotterdam porti bilan, rasmiy poytaxt Amsterdam va mamlakatning boshqa shaharlari bilan bog’langan. Gaaga — asosan ma’muriy va siyosiy markazdir. Shahar dastlab 11 -asrga oid tarixiy manbalarda tilga olingan. Gaaga 16-asr oxiridan General Shtatlarning Majlis o’tkazadigan joyi va 17-asr boshidan hukumat qarorgohi. Gaagada BMTning xalqaro sudi, Xalqaro hakam (betaraf vakil)lar sudining doimiy palatasi, xalqaro huquqiy hujjatlar byurosi va boshqalar joylashgan. Gaagada muhim tarixiy hujjatlar qabul qilgan bir qancha xalqaro konferentsiyalar bulib o’tgan. Transport yo’llari tuguni. Gaagada radio va teleapparatura, electron asboblar va telegraf apparaturasi ishlab chiqariladigan yirik sanoat korxonalari, shahar chetida aviatsiya zavodlari, kemasozlik, chuyan quyish korxonalari bor. Oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari ko’p. Yog’och, oyna kabi materiallardan badiiy buyumlar tayyorlanadi. Me’moriy yodgorliklaridan gotika uslubida qurilgan Ridderzal (13-asr), Tribunal (13-asr) va boshqalar saqlangan. Gaagada Qirollik nafis san’at akademiyasi, Maurisxeys (Qirollik rasmlar galereyasi) munisipal muzeyi, pochta, kiyimlar, xalqaro matbuot muzeylari, statistika instituti bor.