Galvanotexnika

Galvanotexnika — amaliy elektrokimyottt bir sohasi; metall va metallmas buyumlar sirtiga elektrolitik usulda metall qoplash jarayoni. G. ni rus olimi B. S Yakobi kashf etgan va texnik jihatdan asoslab bergan (1838). G. elektr kristallanish, ya’ni metall birikmalarning suvdagi eritmasi orqali elektr toki o’tkazilganda metallarning musbat zaryadlangan ionlari katodga o’tirishi xossasiga asoslangan (q. Elektroliz). Elektrolitning turi va tarkibini, elektroliz rejimini (tok zichligi, t-ra va aralashtirish jadalligini) o’zgartirib, g. jarayonlarini rostlab turish mumkin. G. asosan ikki kismdan — galvanostegiya va galvanoplastikadan iborat. Galvanostegiya — buyum sirtida mustahkam yupqa metall qoplama hosil qilish, galvanoplastika — turli buyumlar (matrisalar)dan qalin aniq nusxalar ko’chirish. Bulardagi barcha jarayonlar galvanik vannalarda o’tadi. Ishlatiladigan elektrolit tarkibiga qarab, bunday vannalar keramika, sirlangan cho’yan, po’lat, organik shisha va b. materialdan yasalishi mumkin. Galvanostegiya galvanoplastikaga karaganda ko’proq qo’llaniladi. Undan maqsad: tayyor buyumlar yoki yarim fabrikatlarning korroziyabardoshligini yaxshilash»(ruxlash, kadmiylash, qo’rg’oshinlash yo’li b-n), ishqalanuvchi yuzalarning eyilishga chidamliligini oshirish (xromlash, temirlash yo’li b-n), sirtlarga himoya-bezak berish (nikellash, xromlash, qimmatbaho metallar qoplash yo’li b-n) va b. Galvanostegiya avtomobilsozlikda, aviasiya, radiotexnika, elektronika sanoatida, ro’zg’or buyumlari ishlab chiqarish va b. sohalarda keng qo’llaniladi. Galvanoplastika nusxasi olinadigan buyum (matrisa)larning teskari sirtlarini tayyorlash usullari va qoplanadigan metallning ancha (o’nlarcha va yuzlarcha marta) qalinligi b-n galvanostegiyadan farq qiladi. Matrisalar metall yoki nometall materialdan, qoplanadigan material (nusxa materiali) esa mis, temir va b. materiallardan bo’lishi mumkin. Nusxa materiali sifatida mis keng tarqalgan, temir esa qoplagich sifatida kamroq qo’llaniladi. Nikel ham qoplagich sifatida keng ishlatiladi. Relefli (bo’rtma) buyumlar (medal, tanga va b.) nusxalarining aniq tasvirini galvanoplastika usuli b-n olish usuli keng tarqalgan. Bu usul b-n buyumning fazoviy tasvirini yoki nusxasini olish uchun mum yoki gipsdan uning aniq nusxasi yasaladi. Nusxa sirti elektr o’tkazuvchan bo’lishi uchun unga grafit kukunlari sepiladi. Shundan keyin buyumning nusxasi katod sifatida tegishli metall tuzining eritmasi solingan elektrolitik vannaga tushiriladi. Elektroliz vaqtida buyumning metall nusxasi hosil kilinadi. Galvanoplastika matbaada (q. Galvanostereotipiya), grammplastinka matrisalarini tayyorlashda, elektrometallurgiya va texnikaning boshqa sohalarida keng ishlatiladi.