Go’ngqarg’alar nega shudgorda sayr qilishni yoqtiradi?

Go’ngqarg’alar uchib kelishi hamono sokin daraxtzorlar chug’ur-chug’ur va pir-pirlar og’ushida qoladi. Dastlabki kunlar ular quvonch hissiga to’lib, gala-gala va yakkam-dukkam bo’lib dalalar uzra uchadi, hatto parvoz chog’i bir-birlari bilan to’qnashib, janjallashadilar, daraxtlarga kelib qo’ngach, boshini pastga egib, dumlarini kerib va qanotlarini silkitib, tebranadilar. Bir necha kun o’z erkida uchib yuradilar, so’ng boshqa qushlar kabi uya qurishga kirishadilar. Uyalarini qurib bitirgach, go’ngqarg’alar biroz jimib qolishadi: makiyonlari tuxum bosadi, narlarining yangi tashvishlari boshlanadi — ularni, keyin ochib chiqqan polaponlarini boqish kerak. Bu vaqtga kelib, maydonlarda hor qolmaydi, oziq muammosi hal etiladi. Go’ngqarg’alar o’zlarining uzun tumshuqlarini yerga botirib, lichinkalar, shilliqqurt va boshqa zararkunandalarni, qo’ng’izlarni tutadilar, ko’zlari sichqonga tushib qolsa, uni ham tinch qo’ymaydilar. Keyin yer haydovi boshlanadi. Dalalarda traktorlar tarillaydi, ammo bu tovush go’ngqarg’alarga xalaqit bermaydi. Hatto aksincha, yordam beradi. Go’ngqarg’alar mashinalardan ham, odamlardan ham cho’chimaydi. Motorlar guvillashini eshtishlari hamono dalaga yog’ilib keladi. Mashinalarga tirkalgan tishlar yerni ag’daradi. Tishlar ortidan go’ngqarg’alar izma-iz ergashadi, sal dovyuraklari tish tagiga kirguday bo’ladi, maqsadi lichinka va chuvalchanglar yerga tushib ketmasa. Go’ngqarg’a o’ljasini olishi bilan polaponlarini ovqatlantirgani uyasi tomon shoshiladi. Go’ngqarg’achalar uni tumshuqlarini katta ochib kutadi va jon-jahdi bilan chirh-chirq qiladi. Ota go’ngqarg’a tumshuqchalardan biriga chuvalchangni tiqadi va yana yangi ulush olish maqsadida haydov traktori yoniga uchadi.