Orzu Belanchakda qachongacha Yotish mumkin, turib ketdim. Shu bahorda tilim chiqdi, Shu bahorda yurib ketdim. Voy-bo’, atrof muncha go’zal, Hammayoq gul, hammayoq bog’. Xiyobonda chopgim kelar, Kelar o’ynab yurgim ko’proq. Onam bo’lsa ehtiyot bo’l Deydi, hozir bola payting. Men mustaqil yurmoqchiman, O’z holimga qo’ysin ayting… Menimcha shu – hamma ishni Bolalikdan boshlash kerak. Katta-katta orzu bilan Katta qadam tashlash kerak! | Kuz Suvo’tlari to’la irmoqni Muzdek qilib qo’ydi sunbula Yel tortiqlab barqut yaproqning Yuragiga soldi g’ulg’ula. Ko’kda yana oppoq turnalar Arg’imchoqlar solib uchishdi. Biz maktabga chopdik, tillarang Terakzorlar yig’lashga tushdi… | Qizil iztoparlar Pioner bolalar har yili kuzda Oftobning tomini suvab berishadi. Qizil iztoparlar… Ular momoning hech bo’lmasa bitta o’g’li tirik qolgan deb umid qilib, dunyoning hamma burchagiga xat ustiga xat yo’llashadi… Qizil iztoparlar – Galstukli choparlar. Mana Sizga So’nggi xabarlar… Oddiy askar – Sotvoldi Safarov… Oddiy askar – Sobirjon Safarov… Pulemyotchi – Sattorqul Safarov… Bu qanday gap axir? Qachon tugar, Bu uzun saf, axir? Qancha yozay yana Qo’llarim qavarib?!… Volga gulchambarlar Ostida oqar, Ziyoratgoh bo’ldi Brest qal’asi, Voyenkom qirq yillik Ordenni taqar, Qayerdasan, Oftob, kampir bolasi?!… Kim mamot jangida Tik turgan bo’lsa, To’tiyo ko’zlarga Bugun bir soch tolasi. Leningraddamisan, Stalingraddamisan – Qayerdasan, Oftob, kampir bolasi?!… Qizil iztoparlar, O’qib xabarlar: Tunda shahar Dushman qo’lida edi… Tongda uni Biznikilar oldi… Oddiy askar Safarovlar Bedarak yo’qoldi… She’rim – Safarovsan bugundan boshlab, Va o’zini dzotga tashlab, Qizil qonga bo’yalgan – yerim. Undan tomgan barcha So’zlar meniki. Sog’inib xat kutgan Ko’zlar meniki Fig’onlar meniki, Bo’zlar meniki. Qizil iztoparlar, Asl ukalarim: Kunda izlang, Vatan qahramonlarini Tindirmang ularning Qirg’in yillardan, Qo’lma-qo’l sizlarga Uzatgan jonlarini! Aytsin, Sizlar yozgan, Yozmagan xatlar Aytsin, Qizil maydon Majnuntollari: Yurtimdagi hamma Noma’lum Soldatlar – Marhamatlik Oftob, kampir bolalari?!… |
Qushlar ham yig’lar Terlar oqdi suv bo’lib bizdan Va gursillab yiqildi terak… Aka, bizning qilmishimizdan Tunda qushlar yig’lasa kerak. Ona chumchuq aylanib ketmas, Ko’ngliga qil sig’masa kerak. Eski indan tashib borib xas, Yangi inda yig’lasa kerak. Baland bo’lar uyimiz tog’dek, Ayvonda ustun ul terak. Biz yasharmiz ko’nglimiz chog’dek, Shunda qushlar yig’lasa kerak… | *** Madinaxon turib ketdi Bitta-bitta. Yumshoq yerda yurib ketdi, Bitta-bitta. Yo’lidagi akajonin O’yinchoq tank, To’plarin surib ketdi Bitta-bitta. Sovuq temir ariqchaga Ag’anadi. Yomg’iru do’l urib ketdi Bitta-bitta. Bo’yoqlari qurib ketdi Bitta-bitta… Stvollari chirib ketdi Bitta-bitta. | |
Ona ayiq Kech kuz edi, kuzak pallasi, Yetovida ikki bolasi, Ona ayiq saharlab toqqa chiqdi ozroq olma yig’moqqa. Tog’da olma ayiqqa tekin, To’ygunicha erdi ham, lekin Ayiqchalar qarang shu kuni, Rosa xunob qilishdi uni. Gohi izg’ib ketib qolishar Goh darada pusib olishar. Ona ayiq yugurib sarson, Ikkovini qidirib sarson, Dara to’la jaru tosh bo’lsa, Ayiqchalar hali yosh bo’lsa,- Ona ayiq bechora dilxun, Rosa xunob bo’ldi-da shu kun… O’ylab-o’ylab Ayiq harsillab, Chetroqdan bir chuqurcha o’ydi. Chuqurchaga ikkovin tashlab, Ustidan tosh bostirib qo’ydi: Yaxshi gapga tushunmaganlar, Mana sizga yarshiq jazo. Shunday, chohda turaturinglar. Endi qaytib kelgunicha to… Ancha olma to’pladi Ayiq, Bolakaylar bir to’ysa-to’ysin. To’ng’ichi sal janjalkash qiyiq, Mayli unga sal ko’proq bo’lsin. Tog’da olma Ayiqqa tekin, Sal inson ham kerak-da lekin. Ona Ayiq kun botgan payti Ayiqchalar yoniga qaytdi… …Xarsangtoshni ko’tarib azot U bo’kirib yubordi shu dam. Toshday qotib yotardi, hayhot Ayiqchaning ikkalasi ham… | Uch og’ayni botirlar Marhamatlik Oftob momo urushdan uch o’g’lidan judo bo’lgan. Ko’nglim sezadi, hech bo’lmasa bittasi tirik, deb umid qilib yashaydi… Uch og’ayni botirlar, Yevropada yoturlar… Yigit bo’lib yigirmaga Kirmagan bahodirlar… Sattorquli sardori, Sotvoldisi shunqori, Sobiri beozori Gulga to’lsin mozori… Yurt biladi, el bilar, El bilmasa Kel, bilar Vijdon – oliy hakam bor! Shod kunlar kim qad kerdi, Yov kelganda pand berdi. Uch og’ayni botirlar, Yurtga chin farzandi erdi. Nozik ko’nglim, gul ko’nglim, Ezgulikka qul ko’nglim. Unutma sen, bil ko’nglim – Uch og’ayni botirlar, Yevropada yoturlar! Uch og’ayni akam bor: Birin oti – Jasorat. Birin oti – Shijoat. Birin oti – Matonat… She’rim – Shu akam uchta, Akam bo’lib urushda – Qonga bo’yalgan yerim. Bir tomchisi – Adolat. Bir tomchisi – Sadoqat. Bir tomchisi – Saodat. Qolganlari – rivoyat… | |
*** Uch og’ayni botirlar Qaytib kelayotirlar. Oftob momo, uyingni To’ldirib bahodirlar! – Qayda eding, Sardorim? – Urushda edim, Ona – Qayda eding, Shunqorim? – Urushda edim, Ona – Sen-chi? Sen, Beozorim? – Urushda edim, Ona Oftob momo turar lol: Turar tirik sukutlar – Yigirmaga kirmasdan, Jangga ketgan yigitlar. Voy, mening qiyoq jonim, Voy, mening burgan jonim. Yulduz uchsa ko’klarga Termulib yurgan jonim. Bo’g’chadagi mayizim, Tokchadagi xatlarim, Qizlar o’tsa ko’chadan, Kirmagan niyatlarim!… Oftob momo turar lol, Tush ekan xayollari. Ostonadan o’tmasdan Ortga qaytar bollari – Qayga ketding, Sardorim? – Urushga-da, Onajon. – Qayga ketding, Shunqorim? – Urushga-da, Onajon. – Sen-chi? Sen, Beozorim? – Urushga-da, Onajon Uch og’ayni botirlar, Yevropada yoturlar. Oftob o’g’lin ko’tarib Yurmagan bahodirlar… |