Hasharotlar bir-biri bilan gaplashadimi?

Olimlar hasharotlarning bir-biri bilan hid yordamida gaplashishini anchadan buyon taxmin qilishardi. Biroq feromonni kashf etish bizning zamondoshimizga, nemis biokimyogari Adolf Butenandtga nasib etdi. O’ttiz yil oldin u feromon — to’rt milligramm og’irlikdagi qimmatbaho yog’li suyuqlik ajratib olishga erishdi va bu moddaning kimyoviy tarkibini aniqlashga muvaffaq bo’ldi. Bugungi kunda birgina hasharotlarda yuzdan oshiq feromonlar mavjudligi ma’lum. Ularning tarkibida turli kimyoviy moddalar bor. Umuman olganda, hasharotlarning hid tilini bilishi e’tiborga loyiqdir. U kapalaklar, qo’ng’izlar, kapalakqurtlar, ninachilar, xonqizilar, iskabtoparlar, umurtqasizlar sinfining boshqa sudraluvchi va qanot qoquvchilar vakillari hatto feromon aralashmasi juda kam bo’lgan, bir necha chaqirim naridan yuborilgan kimyoviy signalga so’zsiz itoat etadilar. Feromonlar ancha kuchli bo’ladi. Ular hasharotlarni o’ziga jalb etishi va qo’rqitishi, bir joyga to’planishga yoki bir-biridan uzoqlashtirishga majbur etishi, shular barobarida egallab turgan joyini qo’rihlashi va ovqat topishi, «o’zlariniki» va «begonalar»ni tanib olishi, avloddoshlarining jinsi va yoshini bilib olishiga yordam beradi. Hasharotlar gaplashadigan hid tilini bilish ularning xulq-atvorini, stress (hayajon)ini, ichki turlararo ziddiyatlarini yaxshiroq tushunib olishda qo’l keladi. Bunday tadqiqotlar foydali turlarini saqlab qolish, zararli turlarini chegaralashda yordam beradi. Masalan, olimlar olma, olxo’ri hamda sharq kapalagi, g’o’za qurtining feromonlarini sintez qilishga erishdilar va uni zararli hasharotlarga qarshi kurashda muvaffaqiyatli qo’llamoqdalar.