Hashshoshiylar

Hashshoshiylar (Arabcha – hashish chekuvchilar, giyohvandlar) — Ismoiliylar ichidagi yashirin terrorchilik bilan shug’ullangan firqa tarafdorlari. 11-asr oxirida Eronda ismoiliylar harakatining bo’linib ketishi natijasida paydo bo’lgan. Asoschisi — Hasan ibn Sabboh (1124 yil vafot etgan). Eronning shimoli- g’arbidagi tog’lar orasida joylashgan Alamut qal’asi Hashshoshiylar jamoasining markazi bo’lgan. Hashshoshiylar harakati Suriya va Livanda, keyinchalik Hindistonda ham tarqalgan. U O’rta Osiyo, yaqin va O’rta Sharq mamlakatlaridagi qarmatlar harakati bilan uzviy bogliq. Hashshoshiylar xalifalik va saljuqiylarga qarshi kurashgan. Hashshoshiylarning rahbarlari o’z dushmanlarini o’ldirishni siyosiy kurashning asosiy vositasi deb bilgan. Hashshoshiylar g’oyat yashirin holda ish ko’radigan va tarmoqlangan terrorchilik tashkilotini vujudga keltirgan. O’z maqsadlarini amalga oshirish (hukmdorlar, podsholar, qirollar va yirik namoyandalarni o’ldirish)da fidoyilar (qashshoq dehqon va shaharlik yoshlar)dan foydalangan. Terrorchi (Fidoyi)larga giyohvand moddalarni iste’mol qildirib, o’lsa shubhasiz jannatga tushishiga ishontirgan. Birmuncha davr Hashshoshiylar ko’p hukmdorlarga dahshat solib turgan, ulardan ko’plari (jumladan ayrim Yevropa mamlakatlari imperatorlari va qirollari ham) o’z jonini saqlash uchun Hashshoshiylarga to’lov to’lab turgan. 1256 yil mo’g’ul istilochilari Alamutni bosib olib, Eronda Hashshoshiylar jamoasiga barham bergan. 1273 yilda mamluklar qo’shini Suriya va Livandagi Hashshoshiylarning oxirgi tashkilotlarini tugatgan.