Havo vinti

Havo vinti, propeller-uchish apparati (dirijabl, samolyot, vertolyot, aerochana va boshqalar)da kuraklari radial joylashgan harakatlantirgich. Aylanganida havoni irg’itib tashlashi hisobiga tortish kuchi hosil qiladi. Dvigatel valigi joylashgan vtulka, qulochi bo’yicha ko’ndalang kesimi turlicha shaklda bo’lgan parraklardan iborat. Kuraklar yog’och, duralyuminiy, po’lat va boshqa materiallardan tayyorlanadi. Uchish apparatining ilgarilama harakat tezligi, aylanishdagi chiziqli tezlik va vintning aylanishidan hosil bo’ladigan qo’shimcha havo oqimi tezliklarining qo’shilishidan hosil bo’lgan kuch ta’sirida kuraklarga qandaidir ataka burchagi ostida havo oqimi kelib uriladi. Shunda kuraklarning barcha kesimlaridan hosil bo’luvchi yig’indi aerodinamik kuch Havo vintining tortish kuchini va uning aylanishiga qarshilik kuchini vujudga keltiradi. Dvigatel quvvatiga qarab, Havo vinti kuraklari soni turlicha (2, 3, 4) va qarama-qarshi tomonga aylanuvchi o’qdosh (quvvatni tejash uchun ) bo’lishi mumkin. Uchish vaqtida dvigatelni majburiy to’xtatish (flyugerli rejim) yoki qo’nish vaqtida tormozlash maqsadida teskari tortish (reversiv rejim) hosil qilish uchun uchish vaqtida qadamini o’zgartiradigan Havo vintidan foydalaniladi.