«Hizbut tahrir»

«Hizbut tahrir» (to’liq nomi «Hizb at-tahrir al-Islomiy» — «islom ozodlik partiyasi») — siyosiylashgan diniy tashkilot (oqim). Falastinda Taqiyuddin Nabhoniy (1909-1979) asos solgan. U «musulmon birodarlar» guruhining Falastin bo’linmasida faoliyat yuritib, 1953 yil maslakdoshlari bilan mazkur bo’linma a’zolarini yangi diniy-siyosiy partiya — «Hizbut tahrir»ga birlashtirgan. «Hizbut tahrir» ta’limoti Taqiyuddin Nabhoniy va uning izdoshi Abdul qadim Zallumning «Islom nizomi», «Islom davlati», «Xalifalik», «Islomiy olamga qaynoq nidolar», «Hizbut Tahrirning tushunchalari», «demokratiya — kufr nizomi» va «siyosiy ong» kabi kitoblarida bayon etilgan. Ularda dunyoviy davlat tamoyillari qoralangan, demokratiya, Konstitutsiya, saylov kabi siyosiy tartib-qoidalar inkor qilingan hamda diniy mutaassiblik g’oyalarini targ’ib qilish, siyosiy hokimiyatni qo’lga kiritish va xalifalikka asoslangan tuzumni o’rnatish yo’llari ifoda etilgan. «Hizbut tahrir» mafkurasi 3 bosqichdan iborat amaliyot orqali siyosiy hokimiyatni egallab olishni nazarda tutadi: 1. Marhalatut-tasqif — tushuntirish ishlari. Siyosiy va ma’naviy ongi zaif shaxslarni o’z tomoniga og’dirish orqali tashkilotning yashirin bo’linmalarini tuzish. 2. Marhalatut-tafo-ul — ummat bilan birlashish. Targ’ibot-tashviqot yo’li bilan o’z tarafdorlari — «ummat»ni shakllantirish. 3. Marh-alatut-talabun — nusrat (g’alaba, hokimiyat) talab qilish. Mavjud «ummat» kuchi bilan davlat to’ntarishini amalga oshirish va siyosiy hokimiyatni egallash. Tashkilot piramida shaklidagi tuzilishga ega. Uning quyi pog’onasini 5 kishilik «halqa» (to’garak)larga birlashgan «Doris» (dars oluvchi)lar tashkil etadi. Xalqaga «Mushrif» (dars beruvchi) rahbarlik qilib, 4-5 mushrifdan iborat «mahalliy jihoz» (ta’minot boshqarmasi) «naqib» (noyib) ga, naqiblar viloyat darajasida «musoid» (yordamchi)ga bo’ysunadilar. Musoidlar faoliyati mintaqaviy rahbar — «mu’tamad» (ishonchli) tomonidan boshqariladi. Tashkilot rahbari — «al-Amirul-A’zam» (bosh boshqaruvchi) tashkilotning oliy bo’g’ini — «qiyodat» (boshqaruv Rayosati) orqali mu’tamadlarning faoliyat yo’nalishini belgilab turadi. Bunday tuzilish tashkilot faoliyatini mumkin qadar yashirin olib borish imkonini beradi. «Hizbut tahrir» o’z rahbariyati, qarorgohi va moliya manbalarini qatiy sir tutadi. Ma’lumotlarga ko’ra, Nabhoniyning vafotidan so’ng, 1979-2003 yillarda tashkilotga falastinlik Abdul qadim Zallum (1923-2003) rahbarlik qilgan. 2003 yildan boshlab esa «Hizbut tahrir»ga Iordaniya fuqarosi alo Abu Rushta («Abu Yosin») etakchilik qiladi. U o’z mamlakatida ekstremistik faoliyati uchun bir necha marta qamoq jazosini o’tagan. Nabhoniy dastavval maqsad sifatida Falastinda shariat asosidagi davlat qurishni e’tirof etgan. Keyinchalik esa u partiyaning asosiy maqsadi — musulmon dunyosini birlashtiruvchi yagona xalifalik davlatini qurish, deb e’lon qildi. «Hizbut tahrir» faoliyati 1950-60 yillarda Yaqin Sharqda, 1970-80 yillarda Janubiy Osiyoda, 1990-yillarda Markaziy Osiyoda va MDHga a’zo bo’lgan ba’zi mamlakatlarga tarqaldi. Tashkilot G’arbiy Yevropadagi bir necha mamlakatlarda ham o’z bo’linmalariga ega. Ma’lumotlarga ko’ra, tashkilotning Buyuk Britaniyada joylashgan bo’linmasi muvofiqlashtiruvchi markaz vazifasini bajaradi. «Hizbut tahrir» tashkiloti siyosiy g’arazlarini Qur’on va hadislarni noto’g’ri talqin qilish orqali oqlashga urinadi. Shuning uchun Islom dunyosining taniqli diniy namoyandalari, jumladan, Saudiya Arabistonining sobiq bosh muftiysi, marhum Shayx bin boz, Yusuf Qarzoviy (Qatar) «Hizbut tahrir»ni «Islomni buzuvchi» tashkilot sifatida baholaganlar. Markaziy Osiyoning yetuk ulamolari Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va boshqalar o’z chiqishlarida «Hizbut tahrir» iddaolarini rad etganlar. O’zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 1999 yil 16 iyundagi «din niqobi ostidagi dinbuzarlik haqida»gi fatvosida «Hizbut tahrir» va boshqa buzg’unchi toifalar faoliyati qattiq qoralangan. «Hizbut tahrir» rahbarlari O’E chiqishlarida go’yoki faqat g’oyaviy kurash usullaridan foydalanishlarini e’lon qiladilar. Biroq, tashkilot mafkurasini ifodalovchi hujjatlar, shuningdek, «Hizbut tahrir» a’zolarining qator musulmon davlatlarida amalga oshirgan terrorchilik harakatlari buning aksini ko’rsatadi. 1989 yil AQShning Missuri shtatida «musulmon talabalarning Baynalmilal aloqalari» nomi ostida o’tgan anjumanda «Hizbut tahrir» vakili «musulmon bo’lmagan hukumatlarga qurolli jihod e’lon qilish zarur», degan mazmunda ma’ruza qilgan. Ushbu ma’ruza bir necha tillarda «Hizbut tahrir» a’zolariga tarqatilgan. Tashkilotning «al-Va’y» («ong») jurnalida ham diniy mutaassiblik va ekstremizm ruhidagi maqolalar muntazam berib boriladi. Xususan, jurnalining 2001 yil iyun, 170-sonida xalifalik qurish yo’lida barcha vositalarni qo’llash, jumladan, qotillik qilish oqlangan hamda begunoh odamlarning o’limiga sabab bo’luvchi terrorchi-hudkush (kamikadze) lar «shahidlar» qatoriga kiritilgan. «Hizbut tahrir» a’zolari qator musulmon mamlakatlarida qurolli xurujlarni amalga oshirganlar. Bunday amaliyot 1960— 70 yillarda Iordaniyada, 1974 yil Misrda, 1999 yil Livanda kuzatilgan. 2000 yil Suriya huquqni muhofaza qilish idoralari hukumatga qarshi qurolli g’alayon ko’tarishga hozirlik ko’rgan 800 nafar «Hizbut tahrir» a’zosini qo’lga olgan. 2002 yil Filippinda qo’lga olingan «Hizbut tahrir»ga mansub shaxslardan ko’p miqdorda portlovchi moddalar va o’qotar qurollar topilgan. 2003 yil aprel oyida Isroilning tel-Aviv shahridagi kafelarning birida «Hizbut tahrir»ning Buyuk Britaniyadagi bo’linmasi a’zosi Umar Sharif va «al-muhojir» ekstremistik guruhi vakili Osif Hanif o’zlarini portlatib yuborishlari natijasida ko’plab begunoh insonlar hayotdan ko’z yumgan. «Hizbut tahrir» vakillarining 2004 yil mart-aprel oylarida Toshkent va Buxoroda, iyul oyida Toshkentda amalga oshirilgan terrorchilik xurujida ishtirok etganligi sud jarayonlarida o’z tasdig’ini topdi. «Hizbut tahrir» rahbariyati har safar qurolli amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchragan zahoti go’yoki ushbu harakatlar tashkilotning «ajralib» chiqqan qismi tomonidan amalga oshirildi, degan da’vo bilan aybni bo’ynidan soqit qilishga intilib kelgan. «Hizbut tahrir» boshqa terrorchi guruhlar uchun jangarilar tayyorlab beruvchi «konveyer»ga aylangan. O’zini «al-Qoida»ning Iroqdagi bo’limi deb, ko’plab begunoh iroqliklarning hayotiga Zomin bo’layotgan terrorchi guruhning rahbari Abu Muso Zarqoviy dastavval «Hizbut tahrir» a’zosi bo’lgan. 2005 yilning 13 may kuni Andijonda qator qo’poruvchilik harakatlarini amalga oshirgan «akromiylik» oqimining asoschisi Akrom Yo’ldoshev ham o’z faoliyatini «Hizbut tahrir»da boshlagan. Ekstremistik mohiyati fosh bo’lgan «Hizbut tahrir» deyarli barcha musulmon mamlakatlarida, shuningdek, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida taqiqlangan. «Hizbut tahrir» o’zining faoliyatini aholisi tarkibida yirik musulmon jamoalari mavjud bo’lgan MDH mamlakatlarida kengaytirishga intilmoqda. Ushbu hududda «Hizbut tahrir» a’zolari o’z g’oyalari ifodalangan varaqalarni mahalliy tillarga tarjima qilib, yashirin bosmaxonalarda chop etmoqdalar. Tashkilot a’zolarining jangarilik amaliyoti uchun zarur ashyolarni to’plashi ularning qo’poruvchilik faoliyatini amalga oshirishga hozirlik ko’rayotganidan dalolat beradi. 2004 yil Tataristonda qo’lga olingan «Hizbut tahrir» a’zolaridan o’qotar qurol va portlovchi modda yuklangan nimcha, Boshqirdistonda ushlangan «Hizbut tahrir» a’zolaridan esa granatalar, o’q-dori hamda Ufa shahridagi hukumat idoralari belgilangan xarita olingan. Hibsga olinganlarning ba’zilari Afgonistonda jangovar tayyorgarlik o’tab kelgan. 2000-yillardan buyon «Hizbut tahrir» faoliyatida o’z tarafiga davlat boshqaruvi, huquqni saqlash idoralari xodimlarini jalb qilish va strategik ob’yektlarga suqilib kirishga harakat qilish hamda aholi ichida tarafdorlarning sonini ko’paytirish uchun xayriya ishlarini faollashtirish kabi holatlar kuzatilmoqda. «Hizbut tahrir» tashkiloti Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarda siyosiy g’araz maqsadlari sari amalga oshirilayotgan zo’ravonlik harakatlari manbalaridan biriga aylandi. Ushbu tashkilotning faollashuvini sog’lom siyosat yuritayotgan dunyoviy davlatlarga nisbatan xalqaro terrorchilik tomonidan e’lon qilingan «jihod» ning bir unsuri sifatida baholash lozim. Islom tarixida o’tgan va muayyan vaqtdan so’ng barham topgan turli buzg’unchi oqimlar kabi «Hizbut tahrir»ning iddaolari tashqi ko’rinishdan go’yoki, islomni qayta tiklash, dinni tozalash, haqiqiy musulmonlikni qaror toptirish bo’lsa-da, bu tashkilotning paydo bo’lganidan to hozirgi kunga qadar olib borgan faoliyati, uning asl maqsadi sodda, ishonuvchan, aksariyat dindan bexabar yoshlarni o’z g’oyasiga ergashtirish, odamlar orasiga fitna solish yo’li bilan siyosiy hokimiyatni egallash ekanini yaqqol ko’rsatdi. Ad.: Abdullajonov O., Diniy aqidaparastlikning kelib chiqishi, mohiyati va O’zbekistonga kirib kelishi, T., 2005; Aqidada adashmaylik [nashrga tayyorlovchi: O’zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi], T., 2005; Gudarzi A., Xizb ut-taxrir al-islami; mifi i realnost, T., 2005; diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari, T., 2005; Zakurlayev A., G’oyalar kurashi, T., 2000; Islom ma’rifati, T., 2004; Karimov A., Dunyoviylik dahriylik emas yoxud «Hizbut-tahrir»ning da’volari xusu- sida mulohazalar, T., 2005; Luqmonov A., Xalifalik nima? Namangan, 1999; Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Din nasihatdir, T., 2004; Rajapova M., Diniy ekstremizm va terrorchilik, T., 2000; Rahmatov O., Ogohlik — muqaddas burch, T., 2000; Yunusov A., Dinimiz dushmanlari, T., 2000; Husniddinov Z.M., Islom: yo’nalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.