Inson koinotga qanday parvoz qildi?
Osmon zabt etilganidan keyin odamlar yanada balandroqlarga parvoz etishni xayol qila boshladi. Koinotga parvoz to’g’risida birinchi bo’lib rus olimi K. E. Tsiolkovskiy o’ylandi, u 1898 yildayoq raketada uchish fikrini ilgari surgan va uning uchun dvigatel qurilmasini taklif etgan edi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyada «fau-1» va «fau-2» raketalari yaratildi. Biroq ular faqat bombardimon uchun qo’llanildi. 1945 yildan keyin kosmik kemalarni yaratish ishi asosan AQSh va SSSRda olib borildi. Bu sohadagi ishlar yadro bombasini mo’ljalga yetkazish va josuslik maqsadlarini amalga oshirishga qaratildi. Birinchi muvaffaqiyat sobiq SSSRda qo’lga kiritildi. 1957 yilning 4 oktyabr kuni yerning birinchi sun’iy yo’ldoshi uchirildi. Shu yilning noyabr oyida esa yerning ikkinchi sun’iy yo’ldoshi o’z ichida birinchi yo’lovchi — «Layka» kuchukchasi bilan parvoz qildi. 1958 yilda yer orbitasiga birinchi Amerika apparati — «tadqiqotchi-1» yo’ldoshi chiqarildi. 1959 yilda sovet kosmik stantsiyasi «Luna – 3» oyning teskari tomonini suratga oldi. Oradan ikki yil o’tib, 1961 yil 12 aprelda inson tomonidan boshqariladigan kosmik kema birinchi marta koinotga parvoz tsildi. Yuriy Gagarin «Vostok-1» kosmik kemasi kabinasida yer sharini aylanib chiqdi. O’sha yilning 14 may kuni «Merkuriy» kemasida amerikalik fazokor Alen Shepard parvoz qildi. Koinotni zabt etishda 1969 yilning 20 iyul kuni eng yuksak g’alabaga erishildi. Xuddi shu kuni Amerikaning «Appolon-15» kosmik kemasi uch fazokor — N. Armstrong, E. Oldrin va D. Kollinzni oyga olib chiqdi.