IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTI
IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTI (IHT) — a‘zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo’yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot. IHT 1964-yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan «Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish» nomi bilan tuzilgan. Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o’z faoliyatini to’xtatgan. 1985-yilda «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti» nomi bilan qaytadan o’z faoliyatini boshladi. 1992-yil 28 noyabrda Islomobod shahrida a‘zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig’lishida Afg’oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekistan, Qirg’iziston va Qozog’iston davlatlari IHTga a‘zo bo’ldilar. Tashkilotning asosiy maqsadlari: tashkilotga a‘zo bo’lgan davlatlar o’rtasida iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan, savdo-sotiqni kengaytirish; har bir a‘zo davlatda iqtisodiy o’sish va aholining turmush darajasini ko’tarish uchun shartsharoitlar yaratish; a‘zo davlatlarning ma‘naviy va madaniy alokalarini kuchaytirish va boshqalar. Tashkilotning asosiy organlari: Tashqi ishlar vazirlarining Kengashi, doimiy vakillar va mintaqaviy rejalashtirish kengashlari hamda kotibiyat. IHT kotibiyatini Bosh kotib boshqaradi. Kotibiyat 6 ta maxsus direktorat (savdo; transport va kommunikatsiyalar; energetika, mineral resurslar va atrof muhitni himoya qilish; sanoat va qishloq xo’jaligi; iqtisodiy tadqiqotlar va statistika; loyihaviy tadqiqotlar) dan iborat. IHTning mintaqaviy muassasalari: kemachilik kompaniyasi; «EKOEYR» aviakompaniyasi; savdo va rivojlanish banki; qayta sug’urtalash kompaniyasi; madaniyat instituti; fan fondi; ta‘lim instituti. A‘zo davlatlar boshliqlari, hukumat raislari, delegatsiyalarining eng muhim iqtisodiy va boshqa masalalar bo’yicha yig’ilish va uchrashuvlari muntazam o’tkazib turiladi. Tashkilot idorasi Tehronda joylashgan.