ISHLAB CHIQARISH
ISHLAB CHIQARISH – barcha tarmoqlar moddiy ishlab chiqarishining umumlashgan shakli bo’lib, ishlab chiqarish uchun shart-sharoit – ishlab chiqarish vositalari va iste’mol buyumlarini ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish sohasiga sanoat, qishloq va o’rmon xo’jaligi, transport, aloqa, energetika, savdo, umumiy ovqatlanish, xo’jalik omborxonalari va xizmat ko’rsatish tarmoqlari, ilmfan (innovatsion) yutuqlari kiradi. Chunki ular ishlab chiqarish jarayonida qo’llaniladi. Bu jarayonda ishchi kuchi va ishlab chiqarish vositalari birlashadi. Ishlab chiqarish iste’mol kabi uzluksiz davom etadi, ya’ni takror ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy ishlab chiqarishning besh usuli ma’lum: ibtidoiy, quldorlik, feodal, kapitalistik, ijtimoiy. Buxgalteriya hisobida ishlab chiqarish xarajatlari, olingan mahsulotlar va ularning iste’moli aks ettiriladi. Ishlab chiqarish vositalari – mehnat vositalari va mehnat buyumlari majmuasi. Ishlab chiqarish zaxiralari – korxonadagi barcha materiallar majmuasi. Ishlab chiqarish zaxiralari 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi schyotlar” va boshqa schyotlarda hisobga olinadi.