Izolyator

Izolyator (Fransuzcha isolateur, isoler — alohidalamoq) 1) tibbiyotda — kasalxona, bolalar poliklinikasi, sanatoriy, bolalar bog’chasi kabi muassasalarda maxsus jihozlangan bino, xona. Kasali atrofdagilarga yuqishi mumkin bo’lgan kishilar (yuqumli kasallik bilan og’rigan yoki shunday kasalligi bor deb gumon qilinganlar, ularga yaqin yurganlar) Izolyatorga yotqizib davolanadi. Infektsion kasalxonalarning har bir bo’limidagi Izolyator-boksga alohida eshikdan kirib chiqiladi. Izolyatorda tibbiyot xodimlari yuz-kul yuvishi uchun idish turadigan, xalat va qalpoq osib qo’yiladigan dahliz bo’lishi shart. Izolyatorda epidemiyaga qarshi rejimga qat’iy rioya qilinadi: shaxsiy gigienaga bekamu ko’st amal qilishga o’rgatilgan maxsus xodim ishlaydi, xona muntazam dezinfektsiya qilib turiladi, bemorning ko’rpa-to’shagi, kiyim-boshi, idish-tovog’i alohida bo’ladi. Uy sharoitida alohida xona, yo uning shirma yoki choyshab bilan to’silgan burchagi Izolyator vazifasini o’tashi mumkin. 2) veterinariyada — boshqa xo’jalik binolaridan kamida 200 metr masofada qurilgan alohida xona. Izolyatorga kiriladigan joyga yer (Ostona)ga dezinfektorlar shimdirilgan to’shama tashlab qo’yiladi. Go’sht kombinatlarida bir sutkada qabul qilinadigan mollarning 1% iga qadar miqdori joylashtiriladigan Izolyatorlar ko’riladi.