Jayran

Jayran, kiyik, ohu (Gazella subgutturosa) — ohular (g’izollar) urug’iga mansub sut emizuvchi hayvon. Tanasining uzunligi 94-115 santimetr, bo’yi 60—65 santimetr, og’irligi 25-30 kilogramm. Urg’ochisi shoxsiz. Erkagining shoxi qora, yo’g’on va bo’g’imli (uzunligi 40 santimetrgacha). Markaziy Osiyo va G’arbiy Osiyoda, jumladan Zakavkaze, Turkmaniston, O’zbekiston, Janubiy Qozog’istonning cho’l va chalacho’llarida tarqalgan. Bahor va yozda 4-7 tadan, qishda 15-20 tadan, ba’zan bir necha yuztadan poda bo’lib o’tlaydi. Ko’klamda g’allasimonlar va efemer o’simliklar, kuzda sho’rak va shuvoqlar; qishda butalar novdasi va mevasi bilan oziqlanadi. Jayranning oyoqlari ingichka, tez (soatiga 60 kilometrgacha) yuguradi. Aprel—mayda 1-2 bola tug’adi. Tutqinlikda yaxshi ko’payadi, lekin uzoq yashamaydi. Go’shti va terisi uchun ko’plab ovlanishi tufayli soni juda kamayib ketgan. Buxoro va Surxondaryoda Jayranni ko’paytirish uchun maxsus pitomnik (parvarishxona)lar tashkil etilgan. Xalqaro va O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.