Jezqazg’an mis koni

Jezqazg’an mis koni – Qozog’istonning Jezqazg’an shahri yaqinidagi mis koni. Kon to’g’risidagi dastlabki ma’lumot manbalarda 1771 yilda qayd etilgan, mis rudasi uyumlari 18-asr oxirida ma’lum bo’lgan. Kon mukammal o’rganilib, 1928 yil ishga tushirilgan. Tektonik jihatdan Jezqazg’an mis koni Jezqazg’an-sarisu muldasining shimolda joylashgan. Uning pastida quyi devon yotqiziqlari (qumtosh qatlamchalari aralash turli tarkibli qizil rangli vulkanogen jinslar) joylashgan. Bular o’rta devon terrigen (qizil rangli qumtosh va konglomeratlar) va karbonatli (kremniylashgan ohaktoshlar, mergellar) jinslar bilan qoplangan. Jezqazg’an mis koni samarador Jezqazg’an svitasida joylashgan. Jezqazg’an svitasi navbatlangan kulrang va qizil rangli ko’p yarusli qumtosh qatlamlaridan tashkil topgan. Faqat kulrang qumtoshlar rudali. Ruda jinslarining qalinligi 1,5 metrdan 30 metrgacha va undan ortiq, 110° gacha burchak ostida enkaygan. Rudaning asosiy zaxirasi 300-350 metr chuqurlikdagi birlamchi sulfidli ruda uyumlarida joylashgan. Ruda minerallari: xalkozin, bornit, galenit va sfalerit. Kondan misdan tashqari qo’rg’oshin, kumush va boshqa rudalar ham olinadi. Konning sanoat ahamiyati katta.