Jinsiy hayot
Jinsiy hayot — jinsiy halovat qaror topishiga qaratilgan murakkab jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jarayonlar majmui. Jinsiy hayot urug’ (avlod)ni davom ettirishi bilan birga erkak va ayol o’rtasidagi ma’naviy yaqinlikni ham ifoda etadi. Jinsiy hayotdagi ruhiy va jismoniy tomonning nisbati, shuningdek, seksuallikning har xil shakliga munosabat turli jamiyatda turlicha bo’lib, har bir jamiyatning o’z jinsiy axloq normalari bor. Seksuallikka tegishli narsalar inson turmushida katta ahamiyatga ega, lekin uni inson hayotini belgilab beradigan asosiy omil deb qaramaslik lozim. Har bir kishining Jinsiy hayot xususiyatlari ko’pgina omillarga — irsiyati (tug’ma), gormonlari, asablariga aloqador omillarga, shuningdek, shaxsning individual xususiyatlariga bog’liq. Odamning yoshi, jinsi, shaxsiy xususiyatlari va boshqa omillarga qarab Jinsiy hayot har xil bo’ladi. Jinsiy hayot balog’at yoshiga qarab boshlanadi. Jinsiy hayotni 18-20 yoshdan keyin boshlash kerak. Qiz bolaning 12-14 yoshda hayz ko’rishi — uni bu yoshda Jinsiy hayotga tayyorligini bildirmaydi. Uning organizmi 18-20 ga borib mukammal shakllanadi. Qiz bilan yigit o’rtasidagi muhabbat yoki er-xotin orasidagi yaqinlik munosabatlari O’zbekiston Respublikasida oila va nikoh normalari asosida belgilangan. O’g’il bolalarga nisbatan qizlar ertaroq (2-3 yil) balog’atga yetadi, lekin erkakning yoshi ulg’ayganiga qaramay ularda bola tug’dira olish funktsiyasi hiyla uzoq davom etadi. Er-xotinlik munosabatlari ular o’rtasidagi yosh tafovutlariga ham bog’liq bo’lib, turmush qurayotganda uni nazarda tutish lozim. Jinsiy hayotning asosini jinsiy aloqa tashkil etadi, uning muhim tomonlari libido — jinsiy mayl, erektsiya — jinsiy qo’zg’alish, eyakulyatsiya — shahvat to’kilishi va xush yoqish — orgazmdir. Jinsiy aloqaning tez-tez yoki vaqt-vaqti bilan bo’lishi odamning tug’ma xususiyatlari, yoshi, sog’lig’i, ijtimoiy omillar (olgan tarbiyasi, turmush sharoiti va boshqalar)ga bog’liq. Turmush qurgandan keyin jinsiy aloqa bir maromga tushadi. Jinsiy yaqinlik qilishni hammaga bir xil qilib — qolipga tushirib qo’yish yaramaydi, chunki bir kishi uchun normal hisoblangan narsa boshqa odam uchun odatdan tashqaridek bo’lib ko’rinishi mumkin. Jinsiy hayot odam organizmidan juda katta kuch, his-hayajon va ehtiros talab etadi. Shu sababli o’tkir miokard infarkti, insult, gipertoniya krizi, me’da yarasining bot-bot qonab turishi va boshqa og’irroq hollarda jinsiy yaqinlik qilish xavfli hisoblanadi. Ayol bo’yida bo’lib qolganida jinsiy aloqani davom ettirib borsa bo’ladimi, degan masala muhim. Ginekolog va seksopatolog mutaxassislar bu davrda jinsiy yaqinlikdan butunlay voz kechish shart emas, lekin aloqa vaqtida bir qadar ehtiyot bo’lish kerak, deb hisoblaydilar. Homiladorlikning dastlabki va oxirgi 2-3 oyi davomida, shuningdek, ayolning ko’zi yoriganidan keyin dastlabki 2 oy ichida jinsiy aloqadan o’zni tiyib turish kerak. Bu erkak kishiga, agar u jinsiy jihatdan juda faol bo’lib kelgan bo’lsa ham, hech bir ziyon-zahmat bermaydi. Qanday bo’lmasin biror ishga berilib ketish odatda kishining diqqatini hirs qo’zishidan chalg’itadi. Maromida ovqatlanish, oilada totuvlik, shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, sog’lom turmush tarzi Jinsiy hayotda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jinsiy aloqaga birinchi marta kirishayotgan yosh qizda seksuallik ko’pincha «mudroq holda» bo’ladi, shu bois kuyov uning roziligiga qarshi, birinchi kechaning o’zida yaqinlik qilishni talab etmasligi, u o’z xotinining maylini ham o’ylab ko’rishi, uning ko’nglidan vahimasi yozilib, yangi sharoitga o’rganib olishi uchun imkon berishi kerak; jinsiy aloqa er-xotinning roziligi bilan qilinadigan va ko’ngil o’rniga tushadigan sharoitda o’tadigan bo’lsa, u erga ham, xotinga ham huzur beradi. Jinsiy hayotni soddalashtirib, vaqt-vaqtida shunchaki takrorlanib turadigan jinsiy aloqadan iborat qilib qo’yish va shuning natijasida er-xotin o’rtasidagi munosabatlarning zerikarli bir qolipda bo’lib qolishi ko’pgina noxushliklarga olib kelishi mumkin. Mudom ichkilik ichib, chekib yurish erkaklar mizojini susaytirib yuboradi. Mastlikda bunyodga kelgan bolalar aqliy va jismoniy zaif bo’lib tug’ilishini unutmaslik kerak. Kishi umrining turli davrlarida jinsiy funktsiya turlicha bo’ladi. Rastalik davrida jinsiy mayl (libido) uyg’onib, o’g’il bolalarda ixtilom, qiz bolalarda hayz boshlanadi. Keyingi davr (20— 26 yasharlik payt), odatda, nikoh bilan tugaydi. Jinsiy hayotni barvaqt boshlash jinsiy a’zolar kuchining qirqilishiga, jinsiy faollikning susayib ketishiga olib keladi. Yetuk seksuallik davri deb hisoblanadigan 27-50 yasharlik payt jinsiy faollikning bekamu ko’st bo’lishi bilan ifodalanadi. Keyingi davrda jinsiy faollik asta-sekin pasayib, so’nib boradi. Jinsiy funktsiya aslida instinktga, shartsiz reflekslarga asoslangan bo’lsa ham har qalay juda nozik funktsiya, chunki insonda u nerv sistemasi oliy bo’limlarining faol ishtirokida yuzaga chiqadi va kishining his-tuyg’ulari, kechinmalariga bog’liq bo’ladi. Bu — hayot uchun muhim funktsiyalar jumlasiga kirmasada, uning biror tarzda buzilishi, dilxiralik, mudom asabiylashib yurish, oilaviy janjallar, hatto oilaning buzilib ketishiga olib keladi; shuning uchun Jinsiy hayotning totuvlik, osoyishtalik bilan o’tishini ta’minlash ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatga ega. Bunda Jinsiy hayot gigienasining roli katta. Jinsiy hayotda odamga falon narsa norma bo’ladi deb aniq, belgilab berib bo’lmasada, kishi o’ziga mos keladigan ba’zi me’yorga amal qilib borishi; jinsiy talabni qondirishda ikki kishi ishtirok etgani uchun yaqinlik shu ikkala odamga ham to’la qanoat beradigan bo’lishiga erishish zarur. Kishining Yoshi qaytib qolgan chog’ida jinsiy faollikning asta-sekin pasayib borishi tamomila fiziologik hodisa. Lekin bu turli kishilarda turlicha muddatlarda boshlanadi. Yosh qaytgan chog’da jinsiy faollikni sun’iy yo’llar bilan kuchaytirish sog’liq uchun zararli. To’g’ri kun tartibiga amal qilish, vaqtida ovqatlanish, badan tarbiya va sport bilan shug’ullanish Jinsiy hayotning bir maromda kechishiga yordam beradi. Jinsiy a’zolarning raso ishlab turishi boshqa ichki a’zolar, xususan ichak va qovuqning holatiga ham bog’liq. Jinsiy a’zolarni, ayniqsa ayollar jinsiy a’zolarini sovqotishdan va turli yallig’lanish kasalliklaridan saqlash muhim. Ba’zan Jinsiy hayotni odatdagidek yo’lga solib olish uchun mutaxassis seksopatolog bilan maslahatlashib olishga to’g’ri keladi. Jinsiy tomondan o’zgarishlar bo’lganda, albatta, vrachga murojaat qilish lozim. Ad.: Rahmatov B. R., Quloqqa aytiladigan gaplar [2-nashri], T., 1995. Berdimurod Saidqoriev.