Jizzax arab xalifaligi davrida

VII asrning 30-yillarida Payg’ambar Muhammad (sallallohu alayhi vasallam)ning eng yaqin safdoshi xalifa Abu Bakr arab xalifaligiga asos soldi. Arablar 633-700 yillarda Arabiston yarimoroli hududlarini birlashtirib, Yaqin va O’rta sharq mamlakatlari, Shimoliy Afrika, Ispaniya, Kavkazorti mamlakatlari, Eronni bosib olib, Amudaryogacha bo’lgan hududlarini Xuroson, Amudaryoning shimoliy hududlarini Movarounnahr (suvning – daryoning narigi tomoni degan ma’noni bildiradi) deb ataydilar.

Arab xalifaligi qo’shinlari VII asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr hududlariga bir necha bor talonchilik yurishlarini uyushtirdilar. 673 yilning kuzida xalifa Muoviya I (661-680) farmoni bilan Ubaydulloh ibn Ziyo Amudaryodan o’tib, Buxoroga bostirib kirib, Poykand shahrini va Romitanni ishg’ol qiladi. Arablar Buxoro hukmdori qo’shinlarini yengib, sulh tuzadi va yuz ming dirham boj undiradi. To’rt ming asir, qurol-yarog’, kiyim-kechak, oltin va kumush buyumlardan iborat juda katta o’lja bilan Marvga qaytib ketadi.

Xuroson noibi Said ibn Usmon boshliq arab qo’shinlari uch yil o’tgach, Buxoroga yana bostirib keladilar. Sug’d, Kesh va Nasaf viloyatlaridan yordamga kelgan bir yuz yigirma ming kishilik qo’shin bilan Buxoro malikasi arablarga qarshi janggi kiradi. Biroq, qo’shinlar o’rtasida birdamlikning yo’qligi, Sug’dlik qo’shinlarning jang maydonidan chiqib ketishi Buxoro malikasini jangda mag’lubiyatga uchrashiga sabab bo’ladi. Jangda g’olib bo’lgan Said ibn Usmon katta qo’shin to’plab Buxorodan Samarqandga qo’shin tortadi. Bir oy mobaynida jang qilib, ularga qattiq zarba beradi. Said ibn Usmon Sug’dliklar bilan sulh tuzishga majbur bo’ladi. U Samarqandda katta o’ljalarni qo’lga kiritib, 30 ming kishini asir olib, Termiz shahrini ham ishg’ol qiladi. Arablarning talonchilik yurishlariga qarshi kurashda movarounnahrliklarning harbiy ittifoqqa birlasha olmaganliklari, hukmdorlarning o’zaro nizolari, siyosiy tarqoqliklari, hukmdorlarning o’zaro nizolari, siyosiy tarqoqligidan arab lashkarboshilari ustalik bilan foydalanadilar va g’alabani qo’lga kiritadilar. Buxorolik asirlardan qul sifatida foydalanadilar. Narshaxiyning yozishicha, bunday azobga chidolmay, asirlar Said ibn Usmon saroyiga bostirib kirib, univ a o’zlarini ham o’ldiradilar.

VII asr oxirlariga kelib, Arab xalifaligi Movarounnahrni uzil-kesil bosib olish uchun ikkinchi marta yurish qilishga kirishadi. 704 yili Qutayba ibn Muslim Xuroson noibi etib tayinlangach, harbiy yurishni boshlab, 705 yili Balx viloyatini bosib oladi, Chag’oniyon esa arablarga jangsiz taslim bo’ladi.

707 yili Qutayba ibn Muslim katta qo’shin bilan Amudaryodan o’tib, Poykand shahrini ellik kun qamal qilib, mahalliy aholining qarshiligini sindiradilar, shahar vayron etiladi, barcha erkak ahli qirib tashlanadi. Buxoroliklar har yili xalifalikka boj to’lash, uylarining yarmini arablarga bo’shatib berishga majbur etiladi. Zardushtiylik ibodatxonasi jome masjidiga aylantiriladi, kitoblar yondiriladi. Aholini islom diniga kirishga da’vat etib, masjidga kelib, islom diniga ibodat qiluvchilarga 2 dirham pud hadya etishlik joriy etiladi.

710 yil Qutayba Naxshab va Keshni bosib olib, Samarqandga hujumga shaylanadi. Shu paytda Xorazm shohi Chag’oin ukasi Nurzod boshliq qo’zg’olonni bostirishda Qutaybadan yordam so’raydi. Qutayba qo’zg’olonni bostiradi, biroq Chag’on Qutaybaga qaram bo’lib qoladi.

Qutayba Xorazm qo’shinlarini o’ziga qaram qilib olgach, 712 yili Samarqandni ishg’ol qilishga kirishadi. Samarqand ixshidi Gurak (710-737) yengiladi. Qutayba Samarqandni egallaydi.

Arab qo’shinlari 713 yilda Ustrushona, Choch va Farg’ona vodiysi tomon yurish boshlaydi. 713 yilda Ustrushona hududlari, jumladan, Jizzax, Xo’jand, Farg’ona vodiysi, so’ngra Choch viloyati, arablar tomonidan ishg’ol qilinadi. Jizzaxdagi zardushtiylik dini – otashparastlar sig’ingan toshsanamlar va muqaddas joylar yo’q qilinadi.

Arab xalifaligi, eng avvalo, o’lka hukmdorlari oldiga Islom dinini qabul qilishini shart qilib qo’yadilar. Arablar Ustrushona xalqiga Islom dinini singdirishga erishdilar. Bu Ustrushona hokimi-afshin Haydar ibn Kovus davrida to’liq amalga oshirildi.

Xalifa Horun ar-Rashidning o’g’li Ma’mun xalifaligi davrida (813-833 yillar) Haydar ibn Kovus Bag’dodga xalifa saroyiga taklif qilinadi va unga katta shohona siylovlar qilinadi. Haydarga xalifaning farmoyishi bilan Islom lashkarboshilari qatoridan o’rin beriladi.

Haydar ibn Kovus uchun shuhrat va qayg’ularga to’la suronli yillar boshlanadi. Bu paytda Ustrushonada Haydarning o’g’li Hasan noib-hokim etib tayinlangan edi. Haydar ibn Kovus 831 yilda Vizantiya bilan bo’layotgan urushda hamda Misrdagi qo’zg’olonlarni bostirishda eng nufuzli lashkarboshilardan biriga aylanadi.

Ozarbayjon va G’arbiy Eronda dahriylik g’oyalarini ilgari surgan hurramiylarning Bobek (Bobuk) boshchiligidagi arabklarga qarshi qo’zg’oloni IX asr 30 yillari boshida kuchayib ketgan edi. Xalifa Mu’tasim (833-842) Vizantiya bilan yarash bitimi tuzib, o’z kuchlarini qo’zg’olonni bostirishga tashlaydi. Arab qo’shiniga xalifaning eng yirik qo’mondoni Ustrushona hokimi Haydar ibn Kovus sarkarda etib tayinlanadi. Haydar ibn Kovus 835-838 yillarda Bobek boshchiligida qo’zg’olon ko’targan xurramiylar harakatini bostiradi. Bu g’alaba Haydar ibn Kovusning o’z davrida Islom dunyosida xalifa Mu’tasimdan keyin ikkinchi shaxsga aylanishiga olib kelgan edi.

Biroq, din va adovat, xiyonat va makr uya qurgan xalifa saroyida Haydar ibn Kovusning shuhratiga hasad bilan qarovchilar ham bor edi. Haydar ibn Kovus “Xalifalikka qarshi kayfiyat yuritganlik, otashparastlik dinini saqlab qolish niyatida Islom dinini yolg’ondakam qabul qilganlikda” ayblanib, hibsga olinadi.

Tarixiy manbalarda bayon qilinishicha, ustrushonaliklar Arab xalifaligi yuritgan siyosatga qattiq qarshilik ko’rsatgani sababli, 822 yili Ustrushona Xurosonda xalifa noibi bo’lgan Tohiriylar boshqaruvi tarkibiga kiritadi. Tohir ibn Husayn (821-828) davrida, zardushtiylik dinini yuqori mavqega ko’tarib kelgan Ustrushona xalqi qilich kuchi bilan qaytadan Islomga kiritiladi. 840 yilda Haydar ibn Kovus ustidan o’tkazilgan sud jarayonida uning diniy tobeligi ko’rildi. Sud jarayonining asosiy tashkilotchilaridan biri Xurosonning o’sha paytdagi noibi Abdulloh ibn Tohir (830-844) edi. O’z davrida islom dinini qabul qilgan Haydar ibn Kovus soxta musulmonlikda, shu yo’l bilan Ustrushonada davlat to’ntarishi yasab, mustaqil davlat tuzishga intilishda va uning zardushtiylik dinini tiklashga harakat qilganlikda ayblanadi. Ayblovga asos qilib, Haydarning xalifalik markazida bo’lgan davrida ustrushonaliklarning islomni shunchaki og’izda qabul qilishib, amalda esa o’zlarining qadimgi zardushtiylik dinlariga – otashparastlikka sig’inishni davom ettirganligi ro’kach qilinadi. Asossiz va g’arazli aybnoma bilan Haydar ibn Kovus o’limga hukm qilinadi.

Arab xalifaligi Ustrushonani bosib olish chog’ida obod dehqonchilik vohalari oyoqosti qilinib, Ustrushonaning suv inshootlari buzib tashlanib, ekin maydonlari suvsizlikdan qurib qolgan. Bosib olingan shahar va qishloq aholisidan oltin, kumush, qimmatbaho buyumlar va ko’plab qurol-yarog’lar tortib olinib, ko’proq boylik orttirganlar. Ziroatchi aholidan olinadigan xiroj, chorvador va hunarmandlardan olinadigan jizya soliqlarining yil sayin ko’payishi aholini yana qashshoqlashtiradi.

VIII asrning 70-80-yillarida Movarounnahrda Muqanna-marvlik Hoshim ibn Hakim boshchiligida arablar zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tariladi. Muqanna qiyinchiliklarga qaramay o’z safdoshlari bilan Amudaryoning o’ng qirg’og’iga o’tib, Naxshab va Kesh shahriga yetib boradi. Som tog’idagi qal’ani o’z qarorgohiga aylantiradi. Butun Qashqadaryo vodiysi, Buxoro Muqanna tarafdorlari qo’liga o’tib, “Oq kiyimlilar” deb nomlangan xalq harakati katta xalq qo’zg’oloniga aylanib ketadi. Qo’zg’olon markazi So’g’dda avj olib, Ustrushona, Iloq (Ohangaron vodiysi), Shohga o’z ta’sirini o’tkazadi. Xalifa Mansur 775 yili Jabroil ibn Yahyoni Ozarbayjondan katta harbiy kuch bilan Movarounnahrga yuboradi. Ammo Jabroil boshchiligidagi qo’shinlar qo’zg’olonchilardan yengiladi.

Narshax qal’asi yaqinida Buxoro amiri Husayn ibn Maoz va Samarqand noibi Jabroil qo’shinlari bilan qo’zg’olonchilar o’rtasida bo’lib o’tgan jangda, qo’zg’olonchilarning qo’li baland keladi. Biroq Narshax qal’asi uchun 783 yilda bo’lib o’tgan jangda arablar qo’zg’olonchilar ustidan g’alabaga erishadi. Qo’zg’olon boshlig’i Muqanna o’zini yonib turgan tandirga tashlab halok bo’ladi.

Arab xalifaligi hukmronligi davrida Jizzax shahrida aholi o’rtasida ko’pgina ijobiy afzalliklarga ega bo’lgan Islom dinini singdirish, arab tili va yozuvini joriy etish ishlari qiyinchilik bilan amalga oshirildi. Jizzaxda islom dinining aholi o’rtasida tez yoyilishida islom dinini qabul qilgan musulmonlardan yer va jon solig’i olinishini qisman kamaytirilishi arablarga qarshi qaratilgan harakatlarni kuchsizlanishiga, ularga xayrixoh kishilarning ko’payishiga sabab bo’ladi. Ammo islom dini qabul qilinishiga qaramay ko’p zamonlar mahalliy aholi o’zlarining eski diniy urf-odatlariga amal qilishni davom ettiraverdilar.

Jizzaxdagi hozirgi Qaliya masjidining imom-xatibi Usmon xoji Karim o’g’lining hikoya qilishicha, o’rta asrlarda eski shaharda oq va qizil masjid, Qassoblik, O’ratepalik, Mo’lkanlik, Xayrobodlik va boshqa mahallalarning har birida 2-3 ta, hattor 5 tagacha masjidlar faoliyat ko’rsatgan.

Keyingi yillarda mamlakatni idora qilish muassasalarining takomillashuvi, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy munosabatlarning murakkablashishi, ko’pgina muammolarni Qur’oni Karimdan javob topishga qiyinlashgani uchun unga qo’shimcha ravishda hadislar to’plash yuzaga keladi. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy islom dini ta’limotida Qur’oni Karimdan keyingi asosiy manba hisoblanuvchi “Al-Jomi’ as-sahih” (“Ishonchli to’plam”) asarini yaratib, islom dinini boyitdi. Bobokalonlarimiz Imom Abu Mansur al-Moturudiy, shayxulislom Burhoniddin al-Marg’inoniy, Bahouddin Naqshband, Imom at-Termiziy, Hoji Ahmad Yassaviylar diniy, axloqiy va huquqiy hikmatlarning ijodkorlari bo’ldilar. Jizzaxdan X-XI asrlarda yetishib chiqqan, Dizakiy nisbati bilan ijod qilgan ulamo va faqihlar ham islom dini rivojiga o’zlarining hissalarini qo’shganlar. Bular jumlasiga muhaddis Abdulaziz ibn Muhammad ad-Dizakiy, Muhammad ibn Ali Ismoil ad-Dizakiy, faqih Abu Hafs Usar ibn Ahmad ad-Dizakiy va boshqalar kiradi.

VIII asr oxiri – IX asr boshlarida Arab xalifaligi og’ir siyosiy tanglikka uchradi. Xuroson va Movarounnahr aholisining tez-tez qo’zg’olonlari oqibatida arab xalifaligi hokimiyati zaiflashib bordi. VIII asr o’rtalarida Yettisuv o’lkasida qarluqlar davlati tashkil topdi. Sirdaryoning quyi oqimi va Orol dengizi bo’ylariga o’rnashib olgan o’g’izlar IX asr oxiri – X asr boshlarida o’g’izlar davlatiga asos soldilar. Xurosonda hokimiyat tohiriylar, keyinroq safforiylar (miskar hunarmandlar) qo’liga o’tadi.

Movarounnahrda hokimiyat somoniylar qo’liga o’tdi. Ibn Havqal, Beruniy asarlarida ta’kidlanishicha somoniylar nomi ularning ajdodlari bo’lmish Somonxudotdan kelib chiqqan. Somonxudot sosoniylar davridagi mashhur turkiy sarkarda Bahrom Cho’bin (VI asr)ning 4- yoki 5-pog’onadagi avlodi bo’lgan. Bahrom Cho’binning kelib chiqishi esa eftaliylar bilan bog’liq. Bahrom Cho’bin sosoniylarga qarshi qo’zg’olon ko’tarib (590 yil) mag’lubiyatga uchraganidan keyin Farg’onaga ko’chib kelib, umrining oxirigacha Farg’onada yashagan.

Asad ibn Somonxudotning Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyos ismli o’g’illari Ma’munning Marvdagi saroyida xizmatda bo’lgan va Rofi ibn Lays qo’zg’olonini bostirishda faol qatnashgan. Buning evaziga Ma’mun ularni Movarounnahrning bir necha viloyatlariga amir etib tayinlaydi. Nuh – Samarqand amiri, Ahmad – Farg’ona amiri – Yahyo – Ustrushona va Shosh amiri, Ilyos va Hirot amiri etib tayinlanadi. Keyinchalik Movarounnahrning asosiy shaharlari, jumladan, Buxoro va Hirotda ham hokimiyat somoniylar qo’liga o’tadi. Movarounnahrda butun hokimiyat somoniylar qo’liga o’tadi. Movarounnahrda butun hokimiyatni avval Nasr ibn Ahmad, keyinroq uning ukasi Ismoil ibn Ahmad qo’lga oladi.

900 yilda arab xalifasi Ismoil Somoniyni hokimiyatdan chetlatib, o’rniga Xuroson amiri Amr ibn Lays Saffoiyni tayinlaydi. Ismoil Somoniy Amr ibn Lays bilan janglar qilib, uni tor-mor etadi va Xurosonni ham o’z tasarrufiga kiritadi. Bu davrda Sangzor vodiysi, Jizzax va butun Ustrushona somoniylar davlati tasarrufida bo’ladi.

Ustrushona hokimi somoniy amir tomonidan tayinlangan. Bu mansabga ko’pincha ustrushonalik yer egalari va viloyat hokimlari xonadoni vakillari tayinlanar edi. Jizzax shahrining boshqaruv raisi Ustrushona hokimi tomonidan tayinlanardi. Jizzaxda saroy, masjid, xonaqoh, karvonsaroy va timlar (savdo do’konlari) quriladi.

Jizzax ma’naviy hayotining asosi hisoblangan Islom mafkurasiga ustod deb atalgan din va ilm peshvolari rahnamolik qilganlar. Keyinchalik bu nom shayxulislom nomi bilan yanada ulug’langan.

Somoniylar davrida Jizzax shahrida ko’nchilik, kulolchilik, to’quvchilik, zargarlik, duradgorlik kabi hunarmandchilik tarmoqlari rivojlandi. Sangzor vodiysida g’allakorlik, polizchilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik ancha rivoj topadi. Zig’ir va kunjutdan o’simlik moyi olingan. Uzumdan mayiz, shinni, sirka va musallas tayyorlangan. Ekinlarga suv yetkazib beruvchi miroblar yoz bo’yi xizmatda bo’lganlar. Ichki va tashqi savdo rivojlangan. Yerlar mulkdorlar qo’lida bo’lib, lalmikor hamda Turkiston va Nurota tog’ tizmalaridagi tog’oldi yerlari jamoa yerlari hisoblangan.

X asr o’rtalarida Issiqko’lning janubi va Qashqarda tashkil topgan Qoraxoniylar davlati Bug’roxon davrida Movarounnahrning Farg’ona, Shosh va Ustrushona viloyatlarini egalladi. 999 yilda qoraxoniylar Buxoroni qo’lga kiritadi, oqibatda somoniylar hukmronligi barham topadi. Movarounnahrda qoraxoniylar, Xurosonda g’aznaviylar hokimiyati o’rnatiladi. Qoraxoniylar davrida Jizzax vohalaridagi yerlar payhon qilindi. Mulkdor dehqonlar qoraxoniylar tazyiqi ostida o’z yerlarini tashlab ketdilar, o’zlarining jamiyat hayotida tutgan siyosiy mavqelaridan ajralib, o’z o’rni va ahamiyatini butunlay yo’qotdilar. Katta yerlar hukmdor sulola namoyandalariga, oliy darajadagi harbiylar, davlat ma’murlari, mahalliy zodagonlarga iqto tarzida hadya qilindi.

XII asrning 30-yillarida Yettisuvdagi qoraxitoylarni Go’rxon birlashtirib, davlat tashkil etdi, ushbu davlat poytaxti Bolasog’un shahri edi. Qoraxitoylar Movarounnahrga yurish qilib Farg’ona, Shosh, Ustrushona vohalariga bostirib keladilar. 1137 yilda Xo’jand shahri yaqinida Ustrushonadagi qoraxoniylar eloqxoni Mahmudga qoraxitoylar qaqshatqich zarba berdilar. O’zaro sulh tuzilib, qoraxoniylardan katta tovon olingach, qoraxitoylar o’z yurtlariga qaytib ketadilar. 1141 yilda qoraxitoylar yana Movarounnahrga bostirib kirib, qoraxoniylarni uzil-kesil yengib, Movarounnahrni o’z tasarrufiga kiritadilar.

XII asr oxirlarida Xorazm mustaqilligi uchun kurash boshlanib, Otsiz, Elarslon va Takash davrida Xorazmda mustaqil davlat tuziladi. Movarounnahr, Xuroson va Eron Xorazmshohlar davlati tasarrufiga olinadi. Muhammad Xorazmshoh (1200-1220) davrida Xorazm davlati hududlari yanada kengayadi. Sharqda Yettisuv va Talos vodiysidan, g’arbda G’arbiy Eron, Kavkaz va Iroqqacha, shimolda Dashti Qipchoqqacha yerlar Xorazmshohlar davlati tasarrufiga bo’ysundirilgan. Xorazmshohlar davlatining poytaxti Gurganch shahri edi.

Bu davrda Ustrushona viloyati, jumladan, Jizzax shahri Xorazmshohlar davlati tasarrufida bo’lgan. Uzoq yillar davomida O’rta Osiyoda etnik jarayonlar kuchaydi. Janubiy Sibir, Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkistondan turli etnik guruhlar O’rta Osiyoga kirib kelib, mahalliy aholi bilan aralashib, qo’shilib ketadi. Shu tariqa IX-XII asrlarda o’zbek xalqi shakllandi. O’zbek xalqining asosini hozirgi O’zbekiston hududida qadimdan o’troq yashab, sug’orma dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelgan mahalliy sug’diylar, ustrushonaliklar, xorazmiylar, farg’onaliklar, baxtariylar, qang’lilar kabi etnik guruhlar tashkil etgan.

Xorazmshoh Muhammad hukmronligi davrida Ustrushona, jumladan, Jizzaxda Jaloliddin Manguberdining safdoshi Temur Malik hokimlik qilardi. Temur Malikning qarorgohi Xo’jand shahrida edi.

Xorazmshohlar davlati sirtdan kuchli ko’rinsa-da, siyosiy jihatdan mustahkam emasdi, ichki ziddiyatlar tufayli zaif edi. Ayrim viloyat hokimlari xorazmshohga nomigagina itoat qilar, amalda esa deyarli mustaqil faoliyat yuritardi. Talonchilikdan iborat og’ir soliqlar, mahalliy hokimlarning jabr-zulmi aholining noroziligini oshirib bormoqda edi. Hatto Muhammad Xorazmshoh oliy dargohi ichida ham kuchli nizo hukm surardi. Muhammad onasi Turkon xotun o’z qabiladoshlari – qipchoq oqsuyaklari manfaati yo’lida o’g’li Muhammad Xorazmshohga qarshi fitna uyushtirar, adovat urug’ini sochardi. Bunday ayirmachilik ruhi hatto qo’shin orasiga ham tarqalgan edi. Mamlakat siyosiy hayoti inqirozga yuz tutgan bir paytda Xorazmshohlar davlati jangari Chingizxon bosqiniga duchor bo’ldi