XX asr 20-yillarining boshlarida shahar aholisining maishiy turmush darajasi nochor ahvolga tushib qolgan edi. Shaharda yangi sovet tuzumini o’rnatishda bolshevik hukmdorlarining shahar aholisiga qo’llagan zo’ravonlik siyosati tufayli ochlik, qashshoqlik, ommaviy ishsizlik yuz bergan edi.
Shaharda o’sha yillari ijtimoiy sohada yuz bergan qiyinchiliklarga qaramay sovet hukumati tomonidan joriy qilingan harbiy kommunizm siyosati shahar aholisini yanada qiyin ahvolga solib qo’ydi. Bolsheviklar tomonidan joriy qilingan bu siyosat, aholini bor-yo’g’ini tortib olib, uning erki, tashabbusini cheklab, erkin savdo-sotiq ishlarining cheklanishi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatni birmuncha murakkablashishiga sabab bo’ldi.
Bu murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy vaziyatni o’nglab olish maqsadida 1921 yil mart oyida bo’lib o’tgan RKP(b) X s’yezdida belgilangan yangi iqtisodiy siyosat – savdo-sotiqni erkinlashtirish, sanoatda, xizmat ko’rsatish va mayda hunarmandchilik sohalarida xususiy tadbirkorlikka ruxsat berish, bozorni tartibga solish mexanizmlaridan, mulkni ijaraga olish va yollanma mehnatdan foydalanishga imkoniyat yaratdi. Shahar bilan qishloq o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni izga solish, ishchilar bilan dehqonlar o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar belgilandi.
Yangi iqtisodiy siyosat asosida Jizzax shahridagi mavjud sanoat korxonalarini xo’jalik hisobiga o’tkazilishi, biroz bo’lsa-da, ishlab chiqarishning rivojlanishiga olib keldi. Paxta ekiladigan maydonlarning kengaytirilishi paxtani qayta ishlash korxonalari, hunarmandchilik, korxonalarini yuzaga kelishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Biroq bu uzoq davom etmadi. Tez orada shahardagi sanoat korxonalarini natsionalizatsiya qilish (davlat tasarrufiga olish) jarayoni amalga oshirilib, shaharning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ma’muriy buyruqbozlik boshqaruv tizimida kuchayadi. Oqibatida yangi iqtisodiy siyosat o’z mazmuni mohiyatini yo’qota bordi.
Sovet hukumati ko’p sonli dehqon aholisini o’z tomoniga qaratib olishni ko’zlab, yer-suv islohotini amalga oshirishga kirishdi. Shunday qilib, 1921-1922 yillarda hozirgi Jizzax tumanida ham katta yer egalarining yerlari zo’ravonlik yo’li bilan tortib olinib, bir qismi yersizlarga va kambag’allarga bo’lib berildi, qolgan qismi asosida “Qo’shchi” uyushmalari tuzilib, dehqon xo’jaliklarini jamoalashtirish uchun zamin yaratildi. Aslida bu siyosat xalqni aldashdan boshqa narsa emas edi. Chunki yer dehqonga berilmadi, yerni xususiy mulk shaklidan davlat mulki shakliga o’tkazish yo’li bilan yerga bo’lgan xususiy mulkchilik tugatilib, uning o’rniga jamoa (amalda davlat) mulki yuzaga keldi.
XX asr 20-yillarining o’rtalariga kelib, totalitar markaz tomonidan Jizzax shahrida inustrlashtirish siyosatini amalga oshirishga kirishildi. Shaharda hunarmandchilik, aholiga maishiy xizmat ko’rsatish, paxta tozalash korxonalari tashkil topdi. Shaharda tashkil topgan paxta tozalash zavodiga markazdan ko’plab kishilar ishga keldi.
Mustabid sovet hukumati O’zbekistondan ko’proq paxta xomashyosi olishga erishish maqsadida Moskva, Peterbutg va Ivanovo-Voznesensk to’qimachilik korxonalari e’tiborini O’zbekistonga qaratdi, kichik korxonalar qurildi. Jumladan Tryoxgornaya manufakturasi to’quvchisi P.Krilova tashabbusi bilan Jizzaxda paxta tozalash zavodi qurildi.
Jizzax shahridagi paxta tozalash korxonasiga Ivanovo-Voznesensk va Moskva shaharlaridan “Yigirma besh mingchilar” tashabbusi qo’shilgan bir guruh ishchilar kelishdi. Ular orasida Konstantin Nemtsov, Ivan Simonov, Viktor Manyakinlar bo’lib, ular ishlab chiqarishda qatnashish bilan birga mahalliy ishchi kadrlar tayyorlashga ham ko’maklashdilar.
1935 yilga kelib, paxta tozalash zavodida ishlab chiqarish quvvati 1925 yildagiga nisbatan ikki baravar ortdi. Ishchilar soni 56 kishidan 134 kishiga ko’paydi. Zavoddan 1936 yilda Rossiya to’qimachilik korxonalariga 5939 tonna paxta tolasi jo’natildi. 1939 yilda esa 6173 tonna paxta tola ishlab chiqarildi. Bu yutuqlarni qo’lga kiritishda O’mirboy Olimov, Tosh Mirzaboyev, Rahimberdi Ziyatov, Meli Polvonovlarning xizmati katta bo’ldi. Zavodda 1940 yilda asosiy ishlab chiqarish vositalari 1930 yilga nisbatan 2,1 marta, energiya bilan ta’minlanish qariyb 3 marta, ish unumi esa bir necha baravar o’sdi. 1940 yilgacha zavodda A.Egamberdiyev director, A.Matyushenko bosh muhandis, P.Tyutin bosh mexanik lavozimlarida faoliyat ko’rsatdilar.
1932 yilda Jizzax shahrida elektrostansiya qurilishi natijasida sanoat korxonalari, muassasalar va xonadonlar elektrlashtirildi. Bu esa sanoat korxonalarining bir me’yorda ishlashida muhim rol o’ynadi. Shu yili shaharda un kombinati, 1942 yilda paxta zavodi qurilib ishga tushirildi. 1943 yilda qishloq xo’jaligi mashinalarini ta’mirlaydigan zavod, 1949 yilda yog’-pishloq zavodi qurilib, ishga tushirildi.
Jizzax shahrida paxta tayyorlash va tozalash korxonasiga Miraziz Yo’ldoshev, Badriddin Sharopov, Karim Umarov, Qayum Shodiyev, Abduvali Xudoyberdiyev, Rahmatilla Bo’stonovlar rahbarlik qilgan 1947-1985 yillarda qayta ishlangan paxta va tola hajmi ko’payibgina qolmay, sifati ham yaxshilandi. Korxonada bu yutuqlarni qo’lga kiritishda katta ish tajribasiga ega bo’lgan G’ulom Abdusamatov, Omon Qosimov, Omonxon Sulaymonov singari tovarshunoslar, Fayziqul Mamanazarov, Fayzi O’rinboyev, T.Jo’rayev, E.G’oziyevlarning xizmati katta bo’ldi. 1974 yili Jizzax viloyati tashkil topishi munosabati bilan H.Nosirov nomli jamoa xo’jaligi hududida paxta tozalash korxonasi qurilib, ishga tushirildi. Korxonani ishga tushirishda Abduvali Xudoynazarov bevosita rahbarlik qilib, 1982 yilning kuz oylariga qadar direktorlik qildi. Uning paxta tayyorlash va tozalash korxonalaridagi uzoq yillik samarali mehnatlari inobatga olinib, bir qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
Jizzax viloyati paxta tozalash korxonalarini tashkil qilish, uning rivojiga munosib hissa qo’shgan fidoyi insonlar orasida Rahmat Muhammadiyevning ham munosib o’rni bor. U Samarqand davlat universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakultetini a’lo baholar bilan tugatib, o’zining dastlabki ish faoliyatini Jizzax shahar paxta tozalash korxonasida boshladi. U urug’chilik laboratoriyasi mudiri, so’ngra korxona direktori lavozimiga ishga tayinlandi. 1963-1972 yillarda esa Paxtakor shahridagi paxta tozalash korxonasiga rahbarlik qilib, korxonada yangi texnologiyalarni joriy etib, tola sifatini yaxshilashga o’zining munosib hissasini qo’shdi. Rahmat Muhammadiyev 1981 yilgacha “Golodnostepstoy” boshqarmasiga qarashli 45-qurilish trestiga boshchilik qilib, yangi yerlarni o’zlashtirish, turar joy, madaniy-maishiy binolar qurib ishga tushirishda barakali mehnat qildi. U 1987 yili O’zbekiston Qishloq xo’jaligi vazirligiga qarashli qurilish boshqarmasiga rahbar etib tayinlanib, unga to 1995 yili – nafaqaga chiqqunga qadar boshchilik qilib, o’zining mehnati bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo’ldi. Rahmat Muhammadiyevning barakali mehnati hukumatimiz tomonidan “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan quruvchi” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali va qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
1956 yilda Jizzax paxta tozalash korxonasiga director etib tayinlangan Qayum Shodiyev bundan oldin Qo’qon paxta tozalash korxonasida rahbarlik qilardi. U korxonaga 1945 yilda Toshkent to’qimachilik institutining paxta tayyorlash va uni qayta ishlash fakultetini tugallaganidan keyin yo’llanma bilan yuborilgan edi. Qayum Shodiyev Jizzax paxta tayyorlash va tozalash korxonasida 10 yil rahbarlik qilib, korxonani respublikadagi dongdor korxonalardan biriga aylantirishga o’zining munosib hissasini qo’shdi. Rahbarlikni ilmiy tadqiqotchilik ishlari bilan qo’shib olib borib, texnika fanlari bo’yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Paxta tozalash korxonalarida paxtani qayta ishlash sohasida boy tajriba va malaka orttirgan Qayum Shodiyev 1960-1983 yillarda Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida paxta tayyorlash va uni qayta ishlash boshqarmasiga rahbarlik qilib, paxta xom ashyosini o’z vaqtida nes-nobud qilmasdan qayta ishlash uchun ko’plab punklar va korxonalar tashkil etdi. Paxta tozalash korxonalariga paxtani qop-qanorsiz tashish, xom asahyoni markazlashgan tartibda quritish, mexanizatsiyalash usulida paxtani bunkerlarga taxlashni amalga oshirib, millionlab mablag’larni tejash orqali paxta tannarxini arzonlashtirishga, korxonalar iqtisodiyotini mustahkamlashga munosib hissa qo’shdi. Paxta tozalash korxonalari qoshida turar joy binolar, bolalar bog’cha-yaslilari, shifoxonalar qurish, obodonlashtirish uchun mablag’ topishga kuch-g’ayratini ayamadi. Masalan, Jizzax shahridagi paxta tozalash korxonasi ishchi-xizmatchilari uchun uy-joy, sauna, zamonaviy milliy hammon, bolalar bog’chasi, profilaktoriy, tibbiy maskanlar qurish uchun yelib-yugurdi. Qayum Shodiyev mehnat munosib taqdirlanib, ordenlar, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan injener” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Qayum Shodiyev turmush o’rtog’i Matlubaxon bilan 7 o’g’ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Farzandlarining barchasi turli kasb va vazifalarning boshini tutishdi. O’g’illari Nabijon iqtisod fanlari doktori, Hakimjon tibbiyot fanlari doktori, professor bo’lishdi.
Nabijon Jizzaxda “So’g’diyona” savdo ishlab chiqarish firmasida ma’danli suv tayyorlashni yo’lga qo’ydi. Trolleybus yo’lini ishga tushirishga, chex trolleybuslarini sotib olishga ko’maklashdi. “So’g’diyona” firmasi mablag’i hisobiga shaharda kelin-kuyovlar nikoh tantanasi o’tkaziladigan nikoh uyi qad ko’tardi.
Qosim filologiya nomzodi, hind tili bilimdoni hisoblanadi. Fozil esa muhandis. Qobil – tibbiyot fanlari nomzodi. Fattoh Moskvadagi Xalqaro munosabatlar institutini bitirgan. Rauf ota izidan borib, muhandis-to’qimachi kasbini egalladi.
1930 yilda Jizzax shahar to’ng’ich industriyasi – ohak zavodi yangi kompleksining ishga tushirilishi respublika tsement zavodlarini ohak bilan ta’minlashda katta ahamiyat kasb etdi. Yillar o’tishi bilan korxonada ohak ishlab chiqarish o’sib bordi. Korxonada ishlab chiqarishni yurgizishda korxona rahbari bo’lib ishlagan Abdusattor Muxtorov, Shukur Fayziyev, Ravshan Safarov, Zoir Sodiqov boshchilik qilgan brigadalar yaxshi natijalarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldilar.
1932 yili O’zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining qaroriga muvofiq Jizzax shahrida 1-mashina-traktor stansiyasi tashkil qilindi. MTS Jizzax tumanidagi jamoa xo’jaliklariga 70 ta traktor yordamida yer haydash, ekin ekish, parvarish qilish va o’rim-yig’im ishlarida amaliy yordam ko’rsatdi. 2-MTS esa 1940 yili tashkil topib, unda 14 ta traktor brigadasi faoliyat ko’rsatdi.
Jizzax shahar non kombinati 1926 yilda kichik novvoyxona tarzida tashkil topgan edi. Bu davrda kombinatda Suvonqul Rahimov, Umrzoq Po’latov, O’roqboy Soipov, Tursun Soipov, Tursunmurod Rahimov, O’rol G’ofurov, Soat Qurbonov, Ortiq Qobilov, Ergash, Abdusamat, Soat bobolar kabi o’z davrining qo’li gul novvoylari ishlab, aholining non va non mahsulotlariga bo’lgan talabini qondirishda samarali mehnat qildilar.
1960 yilda Jizzax shahrida respublikada eng yirik binokorlik materiallari kombinati qurilib ishga tushirildi. 1969 yilda Jizzaxda Mirzacho’l, Qarshi va boshqa o’zlashtirilgan cho’llarni sug’orish uchun polietilen quvurlari polixlorvinil mahsulotlari ishlab chiqariladigan kimyo kombinati, 1970 yilda elevator, un zavodi va aralash yem ishlab chiqariladigan tsexdan iborat yirik un kombinati, 1971 yilda g’isht zavodi qurilib, foydalanishga topshirildi.
1980 yillarga kelib aholining xalq iste’moli mollariga bo’lgan talabini qardosh respublikalar sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yetarli darajada ta’minlashda tanqislik sezilib qolganligi tufayli bunday korxonalarni respublikamizning o’zida ham barpo etishga ehtiyoj sezildi. Natijada Jizzaxda ham ustki trikotaj buyumlari, paypoq va ip yigiruv fabrikalari qurilishi uchun mablag’ ajratildi. Ular qurildi va ishga tushirildi ham. Ammo bu korxonalardagi ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyasi uskunalari ko’p o’tmay o’zining eskirib qolganligini namoyon qildi. Korxonada eskirgan texnologiya asosida ishlab chiqarilgan, mahsulotlar sifati pastligi jihatidan aholi tomonidan xarid qilinmaganli sababli tayyor mollar omborlarda to’planib qoldi. Sanoat korxonalarida ishlab chiqilgan mahsulot jahon bozorida o’z o’rnini topmadi. Ma’muriy buyruqbozlik tizimi, ishlab chiqarishga partiyaviy rahbarlik va uning mafkuraviylashtirilishi iqtisodiyotni yuksaltirish borasidagi urinishlarni yo’qqa chiqardi. Ijtimoiy ehtiyojlarga mablag’ ajratishda qoldiq tamoyili va taqsimotda tekischilik siyosati hukmronlik qildi. Buyruqbozlik boshqaruv tizimi sansalorlik, qog’ozbozlik, majlisbozlik iqtisodiyotning o’z qonunlari va vositalari asosida rivojlanishiga to’sqinlik qildi. Korxonalarda xizmat qilayotgan xodimlarning beparvoligi qilinayotgan xarajatlarni olingan daromadlar bilan qoplanmasligi korxonalarni kasodga uchrashiga sabab bo’lgan edi.
Jizzax shahrida tashkil topgan korxonalar xom ashyo yoki yarim tayyor mahsulot turlarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan edi. Shahar sanoatida xizmat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning moddiy, ma’naviy manfaati, shaxsiy qiziqishi, tashabbuskorligiga yetarli e’tibor berilmadi, bu holat xodimlarda loqaydlikni keltirib chiqardi.