30-40-yillardagi shaxsga sig’inish va qatag’onlarning qonli to’foni Jizzax viloyatini ham chetlab o’tmadi. Qatag’on yillari viloyatning ko’zga ko’ringan rahbar xodimlaridan Haydarbek Abdujabborov, Orif Olimjonov, Bayza Mirazimov, Tursunxo’ja Valixo’jayev, Rizoqul Yo’ldoshev, Haydarqul Yo’ldoshev, Mulla Isoq Haydarov, Mamadali Haydarov, Ismoil Muhamedov, Urdushbek Salimov, Abdulla Botirbekov, yozuvchi Anqaboy Xudoybatov, Muhiddin Xo’jayev, Mahmud G’ozixonov, Turob Nazarov, aka-uka Anvar, Hasan va Abdulla Hamdamovlar va ularga o’xshash o’nlab gunohsiz rahbar xodimlar qamoqqa olinib “Uchlik” hukmi bilan uzoq yillarga qamoqqa hukm qilindi yoki otib tashlandilar.
Aslini olganda, bu siyosiy qotillik harakati O’zbekiston Respublikasini iqtidorli rahbar xodimlaridan mahrum qilish, shafqatsiz jazo choralari yordamida butun xalqni qo’rquv asoratida saqlashga qaratilgan edi. Islom Usmonovning “Istiqlol fidoyilari” risolasida bayon qilinishicha va jizzaxlik mehnat faxriysi Tolib bobo Shodiyevning eslashicha, 1916 yil milliy ozodlik qo’zg’oloni davrida halok bo’lgan Jizzax uyezdi tilmochi Mirzahamdam Zokirjonovning nabiralari Anvar, Hasan, Abdulla va Mahmudlar ham qatag’on qilindi.
Otadan erta judo bo’lgan Anvar Hamdamov 1917 yilgi Oktabr to’ntarishidan so’ng samarqandlik yoru-birodarlarining yordami bilan Samarqand viloyat Ichki ishlar bo’limida xalq osoyishtaligini saqlash yo’lida xizmat qilardi. U ukalari Hasan, Abdulla va Mahmudlarni ham Samarqandga o’z yoniga olib, bilim va tajriba egallashlariga baholi qudrat ko’maklashgan. Bu aka-ukalar ham Samarqand, Jizzax, Yangiqo’rg’on muzofotlarida ichki ishlar bo’limida faol xizmat qilgan.
Anvar Hamdamov 1929-1930 yillarda Jizzax shahridagi qurilish tashkilotiga rahbarlik qilib, Eski shahardagi Jizzax pedagogika bilim yurtining o’quv binosi, yotoqxona, oshxona, choyxona qurilishini amalga oshirgan. Zamondoshlarining eslashlaricha, Anvar Hamdamovning bevosita boshchiligida Eski shaharda ko’pgina madaniy-maishiy binolar, maktablar, uy-joylar ham qad ko’targan. U 1936 yili Toshkentga ko’chib borib, shaharni obodonlashtirish muassasasiga ishga kirgan va xalq orasida izzat-hurmatga sazovor bo’lgan. “Otamiz, – deb hikoya qiladi Toshkentda jismoniy tarbiya instituti kafedra mudiri, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor Ozoda Rixsiyeva, – uydirma tuhmatlar bilan 1937 yili yanvar oyida NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Respublika Xalq Komissariati tomonidan tuzilgan “Uchlik”ning qaroriga binoan “millathilik targ’ibotchisi” degan uydirma bilan 10 yil muddatga qamoqqa hukm etilib, Sibirga surgun qilingan. Oila a’zolarimiz dom-daraksiz ketgan otamizning tirik qaytib kelishini yillab kutdik, uzluksiz maktublar yozdik, biroq xatimizga javob ololmadik. Uzoq vaqt o’tgach, Qarag’anda turmasi ma’muriyati bizga yo’llagan maktubida, otamiz Qarag’anda shahrining Dolina qishlog’ida qurilishda ishlab yurgan paytida, yurak kasali bilan vafot etganini xabar qilishdi”.
Hasan Hamdamovning o’g’li Arslon Hamdamovning uyida saqlanayotgan, turaverib sarg’ayib ketgan o’sha davr hujjatlari aka-ukalar bosib o’tgan hayot yo’llarini aniqlab olish imkonini berdi. Hujjatlardan ma’lum bo’lishicha, Hasan Hamdamov G’allaorol militsiya bo’limida, so’ngra Forish, Jizzax, Zomin va boshqa tumanlarda aholiga oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlov bo’limida xizmat qilgan. Ayniqsa, Forish tumanining uzoq yaylovlarida qo’y boqayotgan cho’ponlar uchun oziq-ovqat, qo’ylarni tuz bilan ta’minlash havodek zarur edi. Shu bois u bu vazifani sidqidildan bajarishga harakat qilardi. Biroq, u ig’vogarlarning tuhmati tufayli partiyadan o’chirilib, qamoqqa olingan. O’zi bilmagan va hatto eshitmagan bobosi Mirzahamdamning oq podshoga xizmat qilganini ro’kach qilishib, “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi, xalq dushmani” degan uydirma ayblar qo’yilib, O’zbekiston Jinoyat Kodeksining 66-modda 1-qismi bilan 1938 yil 9 fevralda oliy jazo – otishga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 7 martda ijro etilgan.
Samarqand viloyati prokurorining o’rinbosari, adliya maslahatchisi K.Ahmadjonovning Arslon Hamdamovga yo’llagan maktubida “1938 yilda go’yo davlatga qarshi qilgan jinoyatlari uchun hibsga olingan Hamdam Hasan ustidan qo’zg’atilgan jinoyat ishi nazorat sifatida ko’rib chiqilib, Samarqand viloyat prokuraturasi raddiyasiga asosan viloyat sudining hay’ati Hasan Hamdamovni aybsiz deb topadi va hukm bekor qilinadi”.
Abdulla Hamdamov aka-ukalar orasida savodli va bilimdoni edi. U o’z mehnat faoliyatini o’qituvchilik qilish bilan boshladi. Ishchanligi, tashkilotchiligi uchun qishloqdoshlari uni jamoa xo’jaligi raisligiga saylashdi. 1930 yilda jamoa faollarini to’plab, ziyofat bergani uchun “xalq mulkini talon-taroj qildi” deb ayb qo’ydib, hibsga olinadi. Ozodlikka chiqqach, yana jamoa xo’jaligi raisi muovini lavozimida faoliyat ko’rsatadi. Jamoa xo’jaligida mehnat qilgan ishchilarga mehna haqiga yem-xashak bergani uchun yana “xalq dushmanlariga xayrixohlik qildi”, “sovet hukumatiga qarshi tashviqot olib bordi” degan uydirmalar bilan oliy jazoga hukm qilinib, otib tashlandi.
Afsuski, haqiqat kech qaror topdi. Abdulla Hamdamov oilasiga Samarqand viloyati sudi raisi vazifasini bajaruvchi Sh.Bahromov tomonidan yuborilgan xatda quyidagilar yozilgan. “Hamdamov Abdullaga nisbatan qo’llanilgan Respublika Jinoyat kodeksining 66-modda 1-qismi asosida oliy jazo – otishga hukm etilgan jinoiy ish viloyat prokuraturasining raddiyasi bilan 1962 yil 30 noyabrdagi Samarqand viloyat sudi hay’ati tomonidan ko’rib chiqilib, Respublika Ichki ishlar Xalq Komissariati qoshidagi “Uchlik”ning 1937 yil 19 oktabrdagi qarori bekor qilindi va ishda jinoyat alomatlari yo’qligi sababli u harakatdan to’xtatildi”. Abdulla Hamdamov oradan 25 yil o’tgach, gunohsiz deb topildi.
Toshkentdagi g’isht zavodida ishlayotgan ukasi Mahmud Hamdamov akasining ko’chada qolgan ikki farzandini o’z himoyasiga olgani uchun “xalq dushmani farzandlariga xayrixohlik qildi” deb qatag’on qilingan edi. Hamdamovlarning kenjasi Sarvar esa Kavkazorti yurti shaharlarida xizmatda yurmagan ochiqda qolmas edi. Sarvarni ham hibsga olish uchun NKVDda ayblov va bahonalar ko’p edi.
Hozirgi paytda Sarvar boboning xonadonidan ajoyib tinchlik posbonlari yetishib chiqqan. Inom Hamdamov Jizzax tumani Ichki ishlar bo’limida militsiya mayyori lavozimida xizmat qilib, nafaqaga chiqdi. Ikrom Sarvarov esa ichki ishlar polkovnigi bo’lib, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida mas’ul vazifalarda xizmat qildi.
O’zbekiston, Tojikiston respublikalarida Sog’liqni saqlash, Moliya vaziri, Tojikiston Respublikasining Moskvadagi muxtor elchisi, Toshkent to’qimachilik kombinati qurilishi boshlig’i, bosh injener, tsex boshlig’i bo’lib faoliyat ko’rsatgan Haydarbek Abdujabborov ham 1936 yil noyabr oyida mehnat ta’tili olib, qishlog’i Yetimtoqqa keladi. Uning qishloqqa kelishi yurtdoshlari uchun qatag’on siyosatining boshlanishiga bahona bo’ldi. U bu yerda qarindosh-urug’lari, qo’ni-qo’shnilari bilan o’tirib bir payola choy ustida o’z esdaliklari bilan o’rtoqlashadi. Bu uchrashuv ularning aksariyati uchun nihoyatda qimmatga tushishini u xayoliga ham keltirilmagan edi. H.Abdujabborov mehnat ta’tirili tugab, Jizzaxdan Toshkentga qaytgach, unga F.Xo’jayev, A.Ikromovlarning dumi “xalq dushmani” tamg’asi bosilib, hibsga olinadi va “Uchlik” qarori bilan 10 yil muddatga qamoqqa hukm qilinadi. 1936 yili Haydarbekning qamoqqa olinishi uning tug’ishganlari, yoru-birodarlari, qo’ni-qo’shnilari, u bilan bir payola choy ustida suhbat qurgan yaqin kishilari uchun qatag’onning boshlanishi bo’lgan edi. “Qizil karvon” arteli raisi Isoq Haydarov, Sayxon qishloq soveti raisi Ashurovlar Haydarbek bilan bir payola choy ustida suhbat qurganlari uchun ishdan olinib, partiya safidan o’chiriladilar.
M.Gorkiy nomli maktab o’qituvchisi Xudoyor Shodibekov, Jizzax tumani moliya bo’limi mudiri Mamadali Haydarov, tuman Ijroiya qo’mitasining mas’ul xodimi Muxtor Abdujabborov, Yer-suv bo’limi gidrotexnigi Abduqhhor Botirbekov, Jabbor Hazratqulov, Asfandiyor Abdujabborov, Azim Safarbekovlar ham H.Abdujabborov bilan suhbat qurganlar uchun qamoqqa olindilar va 1938 yili “Uchlik” qarori bilan otib tashlandilar.
Haydarqul Yo’ldoshev, Haydar Hazratqulov, Rizoqul Yo’ldoshev, Ochil Odilov, Ashurbek Abdujabborov, Qodir Davronov, Abdulla Yusupov, Isoq Rahmonqulov, Ziyovuddin Mo’minov, O’rol Shokirov, Muzaffar Yusupov singari qirqqa yaqin begunoh kishilar hibsga olinib, 8-10 yil qamoq jazosiga hukm qilindilar.
O’zbekiston Respublikasi Prokuraturasida qatag’on qilinganlarni aniqlash masalalari bilan shug’ullanuvchi ishchi guruhi boshlig’i A.Jukovning “Sirdaryo haqiqati” gazetasining 1989 yil oktyabr oyida chop qilingan “Xalq dushmalari kimlar edi?” sarlavhali maqolasida H.Abdujabborovga qo’yilgan ayblar nuqul tuhmatdan iboratligi, u hech qanday sovetlarga qarshi tuzilgan aksilinqilobiy milliy uyushmaga a’zo bo’lmaganligi, nohaq hibsga olinganligi va uzoq muddat qamalgani bayon qilinadi. H.Abdujabborov mehnat ta’tili tugab, Jizzaxdan Toshkentga qaytgach, u 10 yil muddatga qamoqqa hukm qilingan edi. Qatag’on qilinganlarning barchasi gunohsiz deb topilib “Uchlik” hukmi bekor qilindi.
H.Abdujabborovning porloq xotirasi abadiylashtirildi. Jizzax shahridagi mahallalardan biri, Yetimtog’ qishlog’idagi 9-maktab, uning nomi bilan yuritilmoqda. Yetimtog’ qishlog’ida esa muzey tashkil qilingan.
Mustabid tuzumning basharasini Ismoil Muhamedov taqdiri ham yaqqol ochib beradi. 1906 yilda Forish tumani To’qay qishlog’ida tug’ilgan, tuman univermagi direktori Ismoil Muhamedov 1937 yil 5 dekabr kuni aksininqilobiy targ’ibot-tashviqot yuritishda ayblanib hibsga olinadi. Oradan 3 kun o’tar-o’tmas, 1937 yil 7 dekabrda “Uchlik” qarori bilan Ismoil Muhamedov 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilinadi va uzoq yurtlarda qamoqda olamdan o’tadi. Oradan 52 yil o’tgach, sobiq SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1989 yil 16 yanvardagi qatag’on qurbonlariga nisbatan adolatni tiklash to’g’risidagi qaroriga asosan Respublika Prokuraturasi ishni qayta ko’rib chiqib, 1989 yil 28 iyundagi qarori bilan “Uchlik”ning 1938 yil 7 dekabr qarorini bekor qildi va Ismoil Muhamedovni oqladi.
Mustabid tuzumning qatag’on mashinasi uchun o’ziga yoqmagan insonlarni so’rab-surishtirmasdan hibsga olish, uzoq muddatga qamash, otish xamirdan qil sug’urgandek oson edi. Faqat 1937-1939 yillarda respublikada 43 mingdan ziyod, jumladan, minglab Jizzax viloyati fuqarolari qatag’on qilingan. Aslini olganda, bu harakatlar tagida O’zbekistonni iqtidorli milliy kadrlaridan mahrum qilish, shafqatsiz jazo choralari yordamida butun xalqni qo’rquv asoratiga solishdek razil reja yashirinib yotardi.