Joytun madaniyati

Joytun madaniyati — O’rta Osiyoning neolit davriga oid eng qadimgi o’troq dehqonchilik madaniyati markazlaridan biri (miloddan avvalgi 6-5-ming yillik). Ashxoboddan 30 kilometr shimolda joylashgan qadimgi o’troq dehqonlar qishlog’i xarobasi nomidan olingan. 1952 yildan Janubiy Turkmaniston arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan. 10 dan ortiq yodgorliklar (Chag’illitepa, Pessejiktepa, Chopontepa, Nayzatepa, Joytun va boshqalar)ni tekshirgan. Bu urug’doshlik manzilgohlarining har biri 0,5—2 gektar maydonni egallagan. Somonli guvaladan qurilgan bir xonali uylar (25-45 m2) sahni oq ganchli loy bilan suvalgan, ayrimlari qizil va qora rangga bo’yalgan. Har bir xonada o’choq, g’alla o’rasi, supa bo’lgan. Ayrim xonalar o’rtasida katta otashkada bo’lib, umumiy sajdagoh vazifasini o’tagan. Manzilgohlarda ombor, sopol idishlar pishiriladigan maydonchalar bo’lgan. 3 madaniy qatlamdan iborat Joytun manzilgohi (Joytun madaniyati shu nomdan olingan) to’la o’rganilgan. Uning maydoni 0,5 gektar, yuqori qatlami 35— 40 xonadan, o’rta qatlami 29 xonadan iborat. Manzilgohlardan bolalar suyagi topilgan, kattalar tashqariga ko’milgan. Aholi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik bilan shug’ullangan. Aholi chaqmoqtoshdan qirg’ich, o’roq, randa, pichoq; suyakdan igna, bigiz; tosh o’tir va boshqa buyumlar yasagan. Sopol idishlar somonli loydan ishlanib, ba’zilarining sirti qizil angob bilan bo’yalgan. Tosh va loy (sopol)dan ishlangan ayol va hayvon haykalchalari, tosh, suyak va chig’anoqlardan yasalgan tumor, munchoq va boshqa turli taqinchoqlar keng tarqalgan. Joytun madaniyati Kaspiy bo’yidagi mezolit davri madaniyati asosida vujudga kelgan. U — ibtidoiy dehqonchilik madaniyatining jaxondagi noyob obidalaridan biri. Ad.: Masson V. M., Poselenie Djeytun, L., 1971; Massoy V. M, Srednyaya Aziya i Blijniy Vostok, M.— L., 1964.