Jubba, jiba, jeva

Jubba, jiba, jeva — 1) O’rta Osiyo va Sharq armiyasida jangchini yoy o’qi, qilich va nayzadan saqlash uchun simdan to’qilgan maxsus harbiy kiyim. Jubba, asosan, jang paytlarida kiyilgan. 1,5—2 mm diametrdagi temir simlarni qalin to’r singari to’qib, ko’ylak va kalta shim shaklida tayyorlangan. Jubba ilk o’rta asrlarda keng tarqalgan. Jubba og’ir bo’lsa ham, jangchining gavdasini ixcham tutib, unga xalaqit bermagan. Jangchi Jubba bilan birgalikda yelka, bilak va ko’krakni himoya qilish uchun «chor oyna» deb atalgan po’lat taxtachalar taqib, qalqon bilan o’zini himoya qilgan. 15-16-asrlarda miltiq asosiy urush quroliga aylana boshlashi bilan Jubba kiygan askar (o’rta asrlar). Jubbaga ehtiyoj qolmagan; 2) avra-astarli, ichiga paxta solib qavilgan keng va uzun maxsus chopon. Ko’pincha qalandarlar, shayxlar kiygan. Jubbaning mo’yna va teridan qilingan turlari ham bo’lgan; 3) bolalar va erkaklarning paxtali ichki kiyimi (guppi). Ixcham hajmda, gavdaga yopishib turadigan qilib tayyorlanadi, shuning uchun 2 yon tomonida 28-30 santimetr yirtmochi bo’ladi. Jubba 3 qavatli: astar va avra orasiga paxta yoki tuya juni solinib, siyrak choklar bilan ko’ndalangiga qaviladi. Yon tomonidan orasi yaqin (5-6 santimetr) qilib qator tugmalar taqiladi.