Jurjoniy, Abulhasan Ali ibn Muhammad Sayyid Sharif

Jurjoniy, Abulhasan Ali ibn Muhammad Sayyid Sharif [1339, Astrobod yaqinidagi togu (toju) qishlog’i — 1413, Sheroz] — Amir Temur davrida yashab ijod etgan yirik mutakallim, faylasuf, shoir va munajjim. Sherozdagi «dor ush-shifo» madrasasida 10 yil mudarrislik qilgan, Oltin O’rdada uzoq muddat yashab, Jonibek davri (1341 — 1357)da yirik alloma sifatida Shuxrat qozongan, mazkur xonga atab Arab tili grammatikasiga doir «Mutavval» asarini yozgan. Amir Temur Sherozni zabt etgach, uni Samarqandga olib kelgan (1387). Jurjoniy Samarqandda butun Movarounnahr olimlari rahbari darajasiga ko’tarilgan. U bu yerda mudarrislik qilish bilan birga Arab va fors tillarida ilmi kalom, falsafa, mantiq, nahvga doir ko’plab risolalar («Al-usul ul-mantiqiyya», «tarjumon ul-Qur’on», «Fann ul-muammo va usuli va tasorifi baforsiy» — «Muammo fani va uning fors tilidagi usuli va turlanishi» va boshqalar) bitdi, usuli fiqh, falsafaga oid eng muhim asarlar (masalan, Sakkokiy, Zamaxshariy, Qutbuddin Roziy, Taftazoniy va boshqa risolalari) ga sharhlar yozdi. Jurjoniy she’riyat muxlisi bo’lib, o’zi ham go’zal g’azallar bitgan. U Amir Temur vafotidan keyin Sherozga qaytib ketib, o’sha yerda vafot etgan.