Kalendar
Kalendar (lotincha calendarium — qarz daftari), taqvim — yil, oy, hafta va kunlar hisoblashni yuritish tizimi. Quyosh, oy, sayyoralarning ko’rinm harakati, kun bilan tunning almashinuvi, oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Kalendarning paydo bo’lishi odamning xo’jalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bog’liq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib — kun, oy o’rog’ining avval kattalashib, so’ng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida Quyoshning ufqdan qanchalik ko’tarilishini kuzatib yil tushunchalariga kelishgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq xisoblash ehtiyoji bilan soat, minut birliklari, mifologik an’analar asosida hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini to’g’ri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati o’ylab topilgan. Kalendar hisobining asosiy birligi — yil. Yil esa oylarga, oylar esa kunlarga bo’lingan. Bu 3 tushuncha 3 xil astronomik hodisa — mos tartibda erning Quyosh atrofida aylanishi, oyning yer atrofida aylanishi va yerning o’z o’qi atrofida aylanishi bilan bog’liq. Bu 3 hodisaning davomiyligi ancha murakkabligi yilni oylarga, oyni kunlarga bo’lishni murakkablashtiradi. Bu masala turli xalqlarda turli usulda hal etilgan va shu tarzda quyosh Kalendari (shamsiy taqvim), oy Kalendari (qamariy taqvim) hamda oy-quyosh Kalendari (shamsiy- qamariy taqvim) ishlab chiqilgan. Quyosh kalendarining asosiy birligi — tropik yil. Uning uzunligi ketma-ket ikki bahorgi tengkunlik oralig’idan iborat bo’lib, 365,2422 kun, ya’ni 365 kun 5 soat 48 minut 46 sekundga teng. Dastlabki shamsiy Kalendardan foydalangan qadimgi misrliklar bir yilni 365 kun deb olishgan. Bir yil 30 kunlik 12 oyga bo’lingan va yil oxirida qo’shimcha 5 kun qo’shilgan. Qadimgi Rimda ham bir yilni 365 kun deb olingan, lekin yilning oylarga bo’linishi yana ham murakkabroq bo’lgan. Bundan tashqari qadimgi Misr va Rim Kalendarlarida yil uzunligi tropik yildan taxminan 6 soatiga qisqa bo’lgani uchun bahorgi teng kunlik har 4 yilda 1 kunga surilgan va bu ham chalkashliklarga sabab bo’lgan. Ularni bartaraf etish uchun Rim konsuli Yuliy Tsezar miloddan avvalgi 46-yilda yunon astronomi sozigen taklifiga muvofiq Kalendar islohotini o’tkazadi: har 4 yildan biri 366 kunlik (kabisa) deb qabul qilinadi. Bu Kalendar Yuliy kalendari deb yuritiladi. Yuliy Kalendarida bir yil 12 oyga bo’linib toq oylar 31 kun, juft oylar 30 kun, faqat Fevral oyi 28 kun (kabisa yili 29 kun). Dunyoning ko’p mamlakatlarida hozirgacha oylarning Yuliy Kalendardagi nomlari qo’llanadi. Yuliy Kalendarda bir yil tropik yildan 11 minut 14 sekund ortiq bo’lgani uchun bu farq har 400 yilda taxminan 3 kunni tashkil qiladi. Bu farq yig’ilib 16-asrda 10 kunga yetgan, natijada bahorgi teng kunlik 11 martga to’g’ri kelib qolgan. Bu nomutanosiblik xristianlarning diniy bayramlarini belgilashda chalkashlik keltirib chiqarar edi. Shuning uchun Yuliy Kalendardagi xatolikni tuzatish uchun Rim papasi Grigoriy XIII 1582 yil 24 Fevralda italiyalik vrach va matematik Luidji Lullio loyihasi bo’yicha Kalendar islohotini o’tkazadi: 1) 1582 yil 4 oktabrdan keying kun 15 oktabr deb olinadi va bahorgi teng kunlik 21 martga qaytariladi; 2) to’rtga bo’linadigan yillar Yuliy Kalendardagi kabi 366 kun deb olinadi; 3) har 400 yilda 3 kun chiqarib tashlanadi — 400 ga bo’linmaydigan yillar 365 kunlik (ya’ni oddiy) yil deb e’lon qilinadi. U Grigoriy kalendari deb yuritila boshladi. Sanalarni Grigoriy Kalendariga muvofiq hisoblash yangi uslub deb ataldi. Sanalarni avvalgidek Yuliy Kalendari asosida hisoblashda davom etish esa eski uslub nomini olgan. Grigoriy Kalendari 16-asrdan boshlab asta-sekin dunyoning ko’pchilik mamlakatlariga tarqaldi. O’zbekistonda ham u 1918 yil 14 Fevraldan qo’llab kelinadi. Yil uzunligi va oy-kunlarga bo’linish Kalendarga muvofiq yuritilsa, yillar hisobi alohida kelishuv bilan belgilanishi lozim. Qachon birinchi yil deb olinishi bilan bu masala hal bo’ladi va istalgan sanani hisoblash imkoni tug’iladi. Bunday kelishuv Kalendar bilan birga xronologiya deb ataladi. Grigoriy Kalendari qabul qilingan mamlakatlarning ko’pchiligida xronologiya Iso Masihning tug’ilgan kunidan boshlanadi, ya’ni Iso (as) tug’ilgan kun 1-yilning 1 yanvari deb qabul qilingan. Tarixning mana shu sanasigacha davri eski era (miloddan avval), keyingi davri esa yangi era (Milodiy) deb ham ataladi. Oy kalendarida asosiy birlik vazifasini sinodik oy o’taydi. Oy yer atrofida aylanishi davomida Quyoshning to’g’risiga kelishi oy boshi deyiladi.Bu vaqtda oy ko’zga ko’rinmaydi, 1-2 kundan keyin u g’arbda kechqurun o’tkir o’roq («yangi oy») shaklida ko’rinadi. Oy Kalendarida 12 oy bir yilni tashkil etadi. Sinodik oy 29,5306 sutka, ya’ni 29 kun 12 soat 44 minut 3 sekund bo’lgani uchun bir yil taxminan 354 kunga teng bo’ladi. Hozir Oy Kalendari Arab mamlakatlarida amal qiladi. 20-asrgacha u asosiy aholisi musulmon bo’lgan mamlakatlar, jumladan, bizning yurtimizda ham qo’llangan va hijriy (aniqrog’i hijriy-qamariy) taqvim deb atalgan. Hijriy taqvimda xronologiya payg’ambar Muhammad (as) ning Makkadan Madinaga ko’chib borgan (Arabcha hijrat) kunidan boshlanadi. Bu sana Yuliy Kalendarida 622 yil 16 iyul juma kuniga to’g’ri kelishi aniqlangan. Hijriy taqvimda 12 oydan toqlari 30, juftlari esa 29 kun. Bunda bir yil 354 kun bo’lib, 12 sinodik oydan qisqa bo’lgani uchun har o’ttiz yildan 11 tasi kabisa deb olinadi. Kabisa yilning so’nggi o’n ikkinchi oyi (Zulhijja) 30 kun bo’ladi. Hijriy taqvimda o’ttiz yillik davrlar (1-yildan 30-yilgacha, 31-yildan 60-yilgacha va hokazolar) qo’llanadi. Har o’ttiz yillik davrning 2, 5, 7, 10, 12, 15, 17, 19, 21, 24, 27 va 29 yillari kabisadir. Masalan, hijriy 1426 yil kabisami-yo’qmi ekanligini aniqlash uchun undan 30 ga karrali qismi chegirib tashlanadi: 1426 — 30×47=1426 — 1410=14, demak, bu yil oddiy ekan, 1427 yilda esa qoldiq 15 chiqadi va kabisa bo’lishini ko’rsatadi. Ayrim Sharq mamlakatlarida hijriy taqvimning kabisa yillari boshqa usulda ham aniqlangan. Shuningdek, Eronda hijriy-qamariy taqvim bilan bir paytda hijriy-shamsiy taqvim ham qo’llanadi. Unda xronologiya hijrat kunidan boshlanadi, ammo yil uzunligi Quyosh Kalendari bo’yicha hisoblanadi. Yil boshi sifatida bahorgi tengkunlik — Navro’z kuni, oylar esa Burjlar bilan deyarli ustma-ust tushadi. Ayrim Sharq mamlakatlarida ham yil, ham oy asosiy birlik bo’lgan oy-quyosh kalendarlari qo’llanadi. Kalendar tarixida Umar Xayyom taklif qilgan islohot ham ahamiyatga molik. U o’sha davrda amalda bo’lgan Kalendarlar bilan tanishib, ulardagi kamchiliklardan xoli bo’lgan quyosh Kalendarini ishlab chiqqan va Saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh tomonidan joriy ham qilingan (Yuliy Kalendari bo’yicha 1079 yil 15 martda). Ammo Sulton vafotidan (1092 yil) keyin amal qilinmay qolib ketgan. Umar Xayyom taqvimida har 33 yildan 8 tasi: 4, 8, 12, 16, 20, 24, 28 va 33-yillar kabisa yil bo’lgan. Bunda bir yil o’rtacha 365+8/33=365,242424 kunga teng bo’lib, tropik yildan atigi 19,7 sekundga farq qiladi. Umar Xayyom taqvimini amaldagi Kalendarlar ichida eng sodda va anig’i deyish mumkin. Qadimdan turli xalqlar turlicha Kalendarlar va xronologiya tizimlaridan foydalangani bir Kalendardagi sanalar boshqa Kalendarda qaysi sanaga mos kelishi masalasini o’rtaga chiqargan. Bu masalani hal etishga ayniqsa al- Xorazmiy, Beruniy va Ulug’bek katta hissa qo’shgan. Xususan, Ulug’bekning «Ziji jadidi Ko’ragoniy» asarida o’sha davrda yaqin Sharq, Xitoy, Yevropada qo’llangan o’ndan ortiq Kalendarlar o’rtasidagi mutanosiblik bayon qilingan. Musulmon Sharqi, jumladan O’rta Osiyo xalqlari tarixi, klassik va madaniy yod- gorliklarida sanalar hijriy-qamariy taqvimda berilgan. Shuning uchun bunday yodgorliklar o’rganilganda hijriy sanalarni milodiy, ya’ni Yuliy-Grigoriy Kalendariga o’tkazish masalasiga duch kelinadi. Bir holatda bu masalani taqribiy hal etish — hijriy yilga mos milodiy yilni hisoblash kifoya qilsa, ikkinchi holatda uni aniq hal etish — tayin hijriy sanaga milodiy bo’yicha qaysi kun to’g’ri kelishini topish lozim bo’ladi. Manbashunoslar ishini yengillatish maqsadida turli mutanosiblik jadvallari tuzilgan. Jadval bo’lmagan taqdirda maxsus qoidadan foydalanish mumkin: hijriy yil N bilan, milodiy yil M bilan belgilansa, u holda: M=N-Ts+622, N=M-622+ Mu2622″ Masalan, manbalarga ko’ra Alisher Navoiy hijriy 844 yilning 17 ramazonida tavallud topgan, ya’ni N=844. Endi 844:33 taqriban 25,6 ga tengligi uchun M=844+622-25,6= 1440,6. Odatda, bu natija 1440/1441 (ya’ni 1440 yo 1441) ko’rinishda yoziladi. Qoidani bir oz o’zgartirib, mikrokalkulyatorda hisoblashga moslash mumkin: M=N*354: 365+622, N=Mx365: 354-622. Bir Kalendardagi tayin A kunga ikkinchi Kalendarda qaysi V kun to’g’ri kelishini aniqlash lozim bo’lsa, u holda dastavval har ikki Kalendar uchun mutanosibligi ma’lum kun — boshlang’ich hisob nuqtasi olinadi. Xususan, hijriy va Yuliy-Grigoriy Kalendarlari uchun boshlang’ich nuqta sifatida hijriy 1-yilning 1-muharrami milodiy 622 yil 16 iyulga mos kelishi olinishi mumkin. So’ng birinchi Kalendarga muvofiq A kungacha necha kun o’tgani hisoblanadi va boshqa Kalendarda shuncha kun o’tsa, qaysi sana chiqishi topiladi. Shunday qilib, Kalendarlar o’rtasidagi mutanosiblik ularning xronologiyasiga (erasiga) ham bog’liqdir. Turli xalqlarda ming yillar mobaynida turlicha eralar qo’llangan. Xitoyda yil hisobi hukmdor Xuan Di podsholigi boshlangan sana — miloddan avvalgi 2637 yildan hisoblangan. Qadimgi Misrda yagona uzluksiz yil qisobi bo’lmagan — har bir faraon taxtga o’tirishi bilan yil hisobi boshidan boshlangan. Qadimgi Bobilda Nabonassar podsholigi boshlangan miloddan avvalgi 747 yildan hisoblangan era qo’llangan. Yunonistonda xronologiyaga 1-Olimpiada boshlangan yil — miloddan avvalgi 776 yil asos qilib olingan. Qadimgi Rimda yil hisobi afsonaviy qahramon Romul shaharga asos slogan sana — miloddan avvalgi 753 yildan boshlangan. Keyinchalik imperator Diokletian (Daq’yonus) hukmdorligi boshlangan eraga o’tilgan, u milodiy 284 yilga to’g’ri keladi («Daq’yonusdan (almisokdan) qolgan» degan ibora shundan kelib chiqqan). «Dunyoning yaratilishi»dan boshlangan eraning bir necha varianti ham bor. Jumladan, qadimgi yahudiy Kalendari bo’yicha dunyoning yaratilishi miloddan avvalgi 3761 yil, Vizantiya Kalendari bo’yicha esa miloddan avvalgi 5508 yil sodir bo’lgan. Hozirgi vaqtda ko’pchilik mamlakatlarda qabul qilingan yangi era — «Iso Masix tug’ilgan kun»dan boshlangan era qo’llanadi. Grigoriy XIII islohoti Kalendar vaqtini astronomik vaqtga yaqinlashtirgan bo’lsa ham Kalendarning ichki tuzilishidagi oylardagi kunlar soni bir xil emasligi, haftalarning oylar ichida bo’linib ketishi kabi noqulayliklar saqlanib qolgan. Shuning uchun mukammalroq Kalendar loyihalarini ishlab chiqishga urinishlar bo’lgan. Masalan, Hindiston hukumatining tashabbusi bilan Kalendarni isloh qilish masalasi 1953 yilda BMTga qo’yilgan. BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) doimiy Kalendar loyihasini ma’qullagan. Unga ko’ra har bir choraqda 13 ta to’liq yetti kunlik hafta (hammasi bo’lib bir yilda 364 kun) va yil oxirida qo’shimcha bir kun (31 dekabr o’rniga) — tinchlik bayrami kuni belgilangan. Kabisa yillari esa, shuningdek, 6 – va 7-oylar orasida yana bir kun — kabisa yil bayrami qo’shiladi. Qo’shimcha kunlar haftalar va oylar hisobga kiritilmaydi (ya’ni ular qaysi oy va haftaning kunlari bo’lishi ko’rsatilmaydi). Bu loyiha bo’yicha har chorakning birinchi oylari (yanvar, aprel, iyul, oktyabr) 31 kundan, qolgan oylar esa roppa-rosa 30 kundan tashkil topishi kerak. Shunda xaftasiga bir kun dam olish kuni hisoblansa, hamma oylardagi ish kunlari soni doimiy — 26 kundan bo’ladi. Har bir xalqning milliy bayramlari borligi va dam olish kuni 2 kun qilib belgilanganligi tufayli, bu loyihani ayrim mamlakatlar ma’qullamadi. Shuning uchun 1956 yildan keyin Kalendar islohoti oldingy siljimadi. Keyinchalik boshqa Kalendarlar loyihalari taklif qilindi, lekin ularni hayotga joriy etish masalasi ochiq qolmoqda. Kalendar tarixi — insoniyat tsivilizasiyasining uzviy ajralmas bo’lagi. Tashqi olam to’g’risidagi bilimlar ko’paygan sari va turli davrlarda xalq xo’jaligi ehtiyojlari bilan bog’liq ravishda Kalendarlar takomillashib bordi. Masalan, oy Kalendarining paydo bo’lishini ibtidoiy odamning turmush tarzi bilan bog’lash mumkin. U davrlarda ovchilik va termachilik odam faoliyatining asosini tashkil qilgan edi. Asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikka o’tilishi oy-quyosh Kalendari va quyosh Kalendarining paydo bo’lishiga olib keldi. Keyingi ikki yuz yillik Kalendarlarning ichki tuzilishini takomillashtirishga intilish bilan tarixga kirdi. 18-asr oxiridagi Yevropadagi sanoat to’ntarishi, 19-asrdagi industrlashtirish, 20-asrdagi fan va texnika inqilobi Kalendarni takomillashtirish muammosini dolzarb qilib qo’ydi. Fan-texnika taraqqiyotining xalq xo’jaligini elektronlashtirish, kompleks mexanizasiyalashtirish, EHM va kompyuterlarni xalq xo’jaligiga keng joriy qilish bilan bog’liq hozirgi bosqichida doimiy Kalendarlar tuzish muammosi dolzarb bo’lib qoldi. Lekin oxirgi paytlarda Kalendarni isloh qilish masalasi ko’tarilmay turibdi. Ad.: Bakulin P. I., Blinov I. S, Slujba tochnogo vremeni, M., 1968; Seleshnikov S. I., Istoriya kalendarya i xronologiya, M., 1977; Tsibulskiy V. V., Sovremennie kalendari stran Blijnego i Srednego Vostoka, M., 1982; Volodomonov N.V., Kalendar; proshloe, nastoyatshee, budushee, M., 1981; A’zamov A., Ikki asr. Hijriy va milodiy taqvimlarning kunma-kun mutanosiblik jadvallari. Abdulla A’zamov, Sobit Ilyosov.