Kaprolaktam
Kaprolaktam — e – aminokaprolaktam kislotaning laktami, oq rangli kristall modda, suyuqlanish temperaturasi 68-69°, qaynash temperaturasi 262,5°. Suvda va organik erituvchilarda, masalan, spirt, efir, benzolda yaxshi eriydi. Kaprolaktamning muhim xossasi polimerlanib qimmatbaho polimerpolikaproamid hosil qilishidir. Kaprolaktam ishlab chiqarishning asosiy usullaridan biri — tsiklogeksanni havo kislorodi bilan katalitik oksidlab tsiklogeksanonga, so’ngra uni gidroksilamin bilan ta’sir ettirib tsiklogeksanonoksimga aylantirishga asoslangan. So’nggi oraliq mahsulot Bekman qayta guruhlanishi orqali Kaprolaktamga aylantiriladi. Kaprolaktam fenoldan ham sintez qilinadi. Kaprolaktam poliamid plastmassalar, plyonkalar, sun’iy tolalar va lizinlar olishda qo’llaniladi. O’zbekistonda Kaprolaktam Chirchiq shahridagi zavodda ishlab chiqariladi.