Katarmaya tog’lari

Katarmaya tog’lari – Ziyovuddin tog’larining tarmog’i, Samarqand viloyati hududida. Eng baland joyi 818 metr, uzunligi 20 kilometr chamasida. Bir necha antiklinal strukturadan iborat. Tog’ jinsi qatlamlari joylarda intruziyalar bilan murakkablashgan. Katarmaya tog’larining Janubiy yon bag’ri ancha tik va quruq soylar bilan parchalangan. Shimoliy yon bag’ri Zarafshon vodiysiga zinapoyasimon pasayib tushadi. Kuesta relef shakllari uchraydi. Katarmaya tog’larining oddiy va to’q bo’z tuproqlarida shuvoq, toshloqli joylarida tikonli bodom, qumoqli tuproqlarda qo’ng’irbosh, Iloq o’sadi, gulisafsar va bug’doyiq keng tarqalgan. Yaylov sifatida foydalaniladi (o’rtacha mahsuldorligi 1-3 ts/ga).