Kolibrilar havoda muallaq tura oladimi?

Siz qachonlardir kolibrining bir necha daqiqa gul ustida muallaq turganini ko’rganmisiz? Uni hech narsani ushlab turmasdan, mayda tumshuqchasini gulga tiqadi va to’satdan yana paydo bo’ladi. Qushcha qanotlarini juda tez qoqadi, bu uning havoda muallaq turishiga imkon beradi. Bu jimitday qushlar shu qadar tez harakatlanadiki, biz uning milt-milt etganini ko’rishimiz mumkin, xolos. Kolibrilar boshqa qushlar singari ucha olmaydi. U qanotlarini bir sekundda 55 marta qoqadi! Shu o’rinda barmoqlaringizni mumkin qadar tez ko’tarib tushirib ko’ring. Siz bir sekundda ko’pi bilan 2 — 3 marta qilishingiz mumkin. Kolibrining bunchalik tez qanot qoqishi uning ovqatlanishi uchun zarur. U gul nektari va gul markazida bo’ladigan hasharotlar bilan oziqlanadi. Ammo bunday gullar ham shu qadar kichkina va nozik bo’ladiki, kolibriday mitti qushni ham ko’tara olmaydi. Ammo u qanotlarini tez silkitaverib, o’z tumshug’i bilan nektar va hasharotni olmaguncha, havoda turaveradi. Kolibrilar Shimoliy Amerikada juda ko’p yashaydi. Uning tomog’i to’q qizil, dumining uchidan to tumshug’ining uchigacha 8 — 10 santimetr keladi. O’z o’lchamining bu qadar kichkinaligiga qaramay kolibri o’z uyasini juda jasorat bilan muhofaza etadi. Ularning uyasini o’marmoqchi bo’lgan qirg’iy va qarg’alarni haydab quvishi kuzatilgan. Kolibrining uyachasi uning mo’jaz boyligidir. Uya o’simliklar, o’rgimchak to’rlari va moxdan kosacha shaklida tiklanadi. Unda hech qachon oppoq ikkita tuxumdan ortiq narsa bo’lmaydi.