Kolorado qo’ng’izi qanday zarar yetkazadi?

Yer yuzida yashaydigan behisob hasharotlar orasida insonga zarar keltiradiganlari ham bor. Misol tariqasida ochko’z o’simlik shirasi, chigirtkalarni olaylik, ularning bosqini oqibatini urushga mengzash mumkin. Tashvish keltiruvchi ana shunday hasharotlar sirasiga kartoshkazorlar kushandasi — kolorada qo’ng’izi ham kiradi. Uni uzunasiga o’tgan sarg’ish chiziqlariga qarab, darrov aniqlash mumkin. Payt poylab, qishni yer tagida o’tkazadi. U kartoshka poyasi unib chiqishi hamono hujumga o’tadi. Qo’ngiz tupga tashlanib, barglarini yeb qo’yadi. Oqibatda ildizmeva shakllanmaydi, tup esa so’lib quriydi. Makiyon qo’ngiz bargning pastki tomoniga jigarrang tuxumlarini yopishtirib qo’yadi. Ulardan to’q – qizil lichinkalar ochib chiqadi. Poyani yeb bitirish uchun ular ota-onalariga sidqidildan yordam beradi va tez kattaradi, keyin yer tagiga kirib, g’umbakka aylanadi. Bir qancha vaqt o’tgach, ulardan yangi qo’ng’izlar dunyoga keladi va bu jarayon takror davom etaveradi. Kolorada qo’ng’izining asl vatani Shimoliy Amerikadir. U shu yerdan Yevropaga tarqalgan. Uning bu yerda tabiatda uchraydigan dushmanlari topilmadi va jadal ko’payishiga deyarli hech narsa xalaqit bermadi. Shu boisdan odamlar kolorada qo’ng’iziga qarshi mudom qattiq kurashishi kerak. Ana shunda kolorada qo’ngiziga xos bir xususiyatni esdan chiqarmaslik zarur: u xavfli daqiqalarda u o’zini o’lganga olib yerda yotadi. Bu uning ko’p vaqtlarda omon qolishiga sabab bo’lmoqda. Shu sababli qo’ng’izlarni xoh bargda bo’lsin, xoh yerda (o’likka o’xshab yotganlarini ham) bo’lsin, bitta qoldirmay xalta yoki bankaga solib, kartoshkazordan tashqariga chiqarib o’ldirish kerak.