Kometa portlashi mumkinmi?

Ko’pchilik to shu kungacha, kometalar yerga katta ziyon yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi. Masalan, ayni paytda yerdan unchalik uzoqda bo’lmagan kometa portlasa, nima bo’lishi mumkin?

Bilishimizcha, kometalar portlamaydi. Kometalar Quyosh atrofidagi o’z orbitasi bo’ylab ma’lum bir tezlikda harakat qiladi. Ko’pgina kometalarning orbitasi shu darajada cho’zinchoqki, ularning shakli uzaytirilgan yo’g’on sigaretani eslatadi. Kometalar orbitasi ularga yaqin yulduzlarning yonidan o’tadi. Kometa o’z orbitasini bir marta aylanib chiqishi uchun minglab yillar kerak bo’ladi. Ular butunlay ko’zdan yo’qolganday tuyuladi, aslida esa, ko’rish maydonidan chiqib ketgan bo’ladi.

Sayyoralarning tortish kuchi kometalarga juda qattiq ta’sir qiladi. Ayrim kometalar bunday tortish kuchlari ta’sirida o’z orbitasidan chiqib ketadi va orbitasi qisqarib qoladi. Masalan, Yupiter — Mushtariy shunday yo’l bilan juda ko’p kometa to’plagan, ularning har biri Quyosh atrofida 6 yillik davr bilan aylanadi. Ma’lum bir vaqt muntazamligi bilan paydo bo’lib turadigan kometalar davriy kometalar deb ataladi.

Kometalar abadiy yo’qolib ketishi mumkinmi? Ayrimlari yo’qolib ham ketadi. Munajjim Vilgelm Fon Bila 1826 yili ana shunday «yo’qolib ketgan kometalar»dan birini izlab topdi. U bir necha bor paydo bo’ldi, har safar paydo bo’lganida uni yuzlab munajjimlar kuzatishdi. So’ngra 1846 yili kometa ikkiga bo’lindi va undan ikkita kometa hosil bo’ldi. Undan ham keyin bila kometasining ikki bo’lagi juda kichik qismlarga parchalanib ketdi. Mutaxassislar, bu bo’laklar noyabr oxirida osmonda paydo bo’ladigan meteorit yomg’irini hosil qilgan, deyishadi. Bila kometasi tarixidan shu narsa ma’lum bo’ladiki, darhaqiqat, kometalar yo’q bo’lib ketadi; ular parchalanadi, orbitasidan chiqib ketadi va meteorit changiga aylanadi.