Krablarni ilk bor qachon yeyishgan?

Krablar (yoki omarlar)ni birinchi bo’lib yegan odam kimligidan qat’i nazar yo juda jasur, yo juda och bo’lgan yoki unisi ham, bunisi ham birgalikda bo’lgan. Agar siz krablarni ko’rmagan bo’lmasangiz, uni yeyish mumkinligini tasavvur ham etolmaysiz. Krablar dunyoga shu qadar keng tarqalgan va odamga shu qadar qadimdan ma’lumki, biz hech qachon ularni kim va qachon birinchi bo’lib tanovul etganini bilolmaymiz. Krablarni ming yillar burun dengiz bo’ylarida yashagan odamlar iste’mol qilgan bo’lsa ajab emas. Dengiz qisqichbaqalari Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Hindiston, Yaponiya, Tinch okeanidagi ko’pgina orollar, Alyaska va boshqa sohillarda uchraydi. Krabning ustida qattiq zirhi bor, qisgichlari unga qurol vazifasini o’taydi. Krablarning mingdan ortiq turi mavjud va ular bir-biridan sal-pal farq qiladi. Tansiq taom hisoblanadigan no’xotli krabning kattaligi 25 millimetrdan kam bo’lmaydi va uni ko’pincha tirik ustritsalar chig’anog’i ichidan topishadi. Ulkan yapon krabi esa uning butunlay aksi: uning eni 30 santimetr keladi, agar oyoqlari bilan hisoblansa, uning o’lchami 3,5 metr atrofida chiqadi. Krablarning aksariyati sho’r suvlarda hayot kechiradi, ammo chuchuk suvda yashaydigan turlari ham mavjud. Quruqlikda yashaydiganlari ham bor, ammo ular tuxumini doimo suvga qo’yadi. Krabning g’adir-budur kichik oshqozoni tanasining ost qismida joylashgan. Uning ko’zi o’zi istagandek cho’zadigan va buradigan, poyaga o’xshash oyoq-qo’llari uchida joylashgan. Dengiz qisqichbaqasining olti juft jag’i bor va ular hamma vaqt band bo’ladi, negaki, ular har xil axlat, umuman, duch kelgan narsani yeydi. Tropik palmalarni o’g’irlaydigan krablar ham bor, ular hatto yong’oqlaridan mazzaxo’rak bo’lish uchun kokos palmalariga chiqishadi. Barcha krablarning besh juft oyog’i bo’ladi. Oldingi jufti qisgich bilan ta’minlangan. Orqa juft oyoqlari uchi, odatda, yalpoq bo’ladi va suvda suzishida eshkak vazifasini o’taydi. Krablar quruqlikda yonboshi bilan harakatlanadi va ancha tez yuguradi. Aytgancha, laziz taom sanalgan «yumshoq zirhli krablar» alohida yumshoq zirhli bir tur bo’lmay, balki ular eski zirhini tashlagan va yangisi hali qotmagan krablardir.