Langarota masjidi
Langarota masjidi – Qashqadaryo viloyati katta Langar qishlog’idagi me’moriy yodgorlik (16-asrning birinchi yarmi). Masjid O’rta Osiyo tog’li hududiga xos, ikki xonaqohli, oldi peshayvonli. Ayvon sahniga ikki qator qilib baland o’ymakor ustunlar o’rnatilgan. Shipiga an’anaviy tartibda toqi terilib, to’sin va vassalari chiroyli (gullar solinib) bo’yalgan, ular kichik xonaqohda 4 ustunga, katta xonaqohda 5 ustunga tayangan. Kichik xonaqoh ancha qadimgi. Uning ko’hna devori sinchli bo’lib, keyinroq unga tutashtirib katta xonaqoh va umumiy peshayvon solingan. Mexrob ichidagi bezakli yozuvlarda 1519-20, 1562-63, 1748 va 1807-08 yillar (qurilgan va ta’mir qilingan sanalar) saqlangan. Katta xonaqohning zeb-ziynatidagi ta’sirchanligi koshinkori bezaklaridagi gullaridadir. Mehrob va devoridagi naqsh bezaklari yaxshi saqlangan. Izora jiyaklarida qora zaminga sariq va havorang koshin parchalari yopishtirilgan, ko’k, havorang va oq hoshiyalar berilgan. Izoralar sathi 3 xil tuzilishda yulduzchali girihlar va kora rangli «sakkizliklar» bilan qoplangan, o’rtasiga tillarang bo’yokdar ishlangan. Quyi qismi asosiy satxdan kulrang marmarli silliq hoshiyalar bilan ajratilgan, zarhal bilan qoplangan. Masjidning yuksak mahorat bilan ishlanganligi uning derazalaridagi o’yma ganch panjaralaridan, ustunlari, marmar poyustun va boshalaridan ham ma’lum. Langarota maqbarasidagi yodgorliklar 15-asr oxiri — 16-asr o’rtalarida bunyod etilgan. Nufuzli Langar shayxlari Muhammad Sodiq (1465-1545), Abul Hasan (1491-92 yillarda vafot etgan) va boshqalarning sag’analari, shuningdek, Temuriy malikalar sag’anasi va ulardagi yozuvlar saqlangan. Maqbara (140×12,5 metr) peshtoq gumbazli, bir xonali (5,2×5,2), to’rt tomonlama kesishgan ravoqqa tayangan. Qalqonsimon bag’allari to’rsimon, tokchalari muqarnas naqshli, ravoqlari ikki qavatli rangli o’yma ganch bilan qirma usulida bezatilgan. Maqbara sirtiga g’ishtlar «bandak» va «mavj» uslubida terilgan. Po’lat Zohidov.