Lavhul Mahfuz

Lavhul Mahfuz (Arabcha – qo’riqlanuvchi lavh) — diniy manbalarga ko’ra, oq durdan yasalgan, uzunligi yer bilan osmon oralig’icha, eni Mashriq bilan Mag’rib oralig’icha, ikki sahifadan iborat buyuk bir kitob. Ta’riflanishicha, uning yonida yozuv qalami bo’lib, uning ham kattaligi Lavhga mos keladigan shaklda. U bir ulkan farishtaning ko’kragiga o’rnatilgan bo’lib, ustki qismi Arshi a’loga bog’lab qo’yilgan ekan. Rivoyatlarga qaraganda, Alloh hamma narsadan oldin mazkur Lavh bilan qalamni yaratib, to qiyomatgacha yaratadigan narsalarini va bo’lajak ishlarni, ilohiy kitoblarni, taqdir va qazoni ham Lavhga bitib qo’ygan. Qur’onga ko’ra, Alloh undagi yozuvlardan xohlaganicha qismini o’chirib, unga xohlaganicha o’zgartirishlar kiritib turadi.