«Layli va Majnun»
«Layli va Majnun» – Alisher Navoiy «Xamsa»sining uchinchi dostoni (1484). U 3622 baytdan iborat bo’lib, shu mavzudagi dostonlarga xos aruz vaznining «hazaji musaddasi axrabi makbuzi mahzuf» baxrida yozilgan. Navoiy ushbu dostonni turkiy tilda yaratgan birinchi muallifdir. Alisher Navoiy Layli va Majnun sarguzashtlarining an’anaviy syujet chizig’ini saqlab qolgan holda voqealarga yangicha ruh va mazmun baxsh etdi hamda dostonga yangi timsollar kiritdi. Alisher Navoiy Layli va Majnun afsonasidan libos sifatida foydalanib, Doston mazmuniga o’z falsafiy qarashlarini singdirib yuborishni maqsad qilganini ta’kidlaydi. Doston Sharq mumtoz adabiyotining an’anala- riga muvofiq ikkita: zohiriy (ochiq) va botiniy (yashirin) ma’nolarga ega. Zohiriy ma’no oddiy o’quvchiga ham tushunarli bo’lib, unda ikki yosh muhabbati o’z ifodasini topgan. Botiniy ma’no esa ramziy-majoziy tasvirlarga o’ralgan bo’lib, unda muallifning falsafiy qarashlari aks etgan. Navoiy dostonning ilk bobidayoq o’quvchiga o’z ramzlarining kalitini taqdim etadi. Ya’ni u Laylining manzar (ilohiy husn aks etgan) ligini, Majnun esa Iloh ishqida aqldan ajraganini ta’kidlaydi. Bundan Alisher Navoiy «Layli va Majnun»ining botiniy mazmunida majoziy ishq sinoatlari aks etganligi anglashiladi. Alisher Navoiy «Layli va Majnun»ni nafaqat mazmunan, balki badiiy jihatdan ham ushbu mavzudagi dostonlarning sarasiga aylantirdi. Navoiyning «Layli va Majnun»idan so’ng xalqimizda ushbu dostonning ko’plab folklor variantlari ham vujudga keldi. Xalqning dostonga bo’lgan qiziqishi natijasi o’laroq, 19-asrda Umar boqiy tomonidan «Layli va Majnun»ning nasriy muxtasar bayoni yaratildi. «Layli va Majnun» dostoni asosida sahna asarlari va videofilm ham bor. Ad.: Ahmedov T., Alisher Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni, T., 1970. Sanjar Nazarov.