Loviya

Loviya (Phaseolus) — dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik va ko’p yillik o’simliklar, lianalar, chala butalar turkumi; dukkakli don ekini. Tropik va subtropiklarda, asosan, Amerikada 200 dan ortiq turi uchraydi. Jahon dehqonchiligida Loviyaning oddiy Loviya (P. vulgaris) turi (vatani — Markaziy va Janubiy Amerika) eng ko’p tarqalgan. Shuningdek, ko’pgulli Loviya, Lima Loviyasi, ingichka bargli Loviya, Osiyo Loviyasi, adzuki Loviya, guruchsimon Loviya va boshqa turlari ham ekiladi. Yer yuzida Loviya ekiladigan maydonlar 22 million gektar (1999). Hindiston, Braziliya, Xitoyda katta maydonlarda yetishtiriladi. O’zbekistonda qadimdan oddiy Loviya ekiladi. Ildizi — o’q ildiz, yaxshi rivojlanadi, tuproqqa 1,5—2 metr chuqurlikkacha kirib boradi. Ildizida tuganaklar rivojlanadi. Poyasi o’tsimon, shoxlanadi, ayrim turlari chirmashib, 3-4 metrgacha yetadi. Bargi murakkab, toq, patsimon, uch bo’lakli. Guli ikki jinsli, barg qo’ltiqlarida bittadan yoki shingil to’plam hosil qilib joylashadi. Mevasi dukkak, rangi och pushti yoki to’q jigarrang, qora. Dukkagida 6-12 ta urug’ bo’ladi. Urug’i buyraksimon, rangi oq, sariq, pushti va boshqa rangda. 1000 donasi 50-370 gramm. Loviya issiqsevar o’simlik, urug’i kamida 8-10° da unib chiqadi. Maysasi — 0,5, — 1,0° da nobud bo’ladi. Maysalanishi uchun 15-18°, gullashi uchun eng qulay harorat 18-25°, meva hosil qilishi uchun 20-23°. Loviya namsevar, O’zbekistonda suvli yerlarga ekiladi. Unumdor tuproq sharoitlariga talabchan. O’suv davri 75— 120 kun. Yormasi oqsilga boy, yuqori kaloriyaga ega. To’la pishmagan dukkaklari va donlaridan konserva ishlab chiqariladi. Doni tarkibida 20-31% oqsil, 0,7-3,6% moy, 50-e kraxmal, 2,3—7,1% kletchatka, alkil kislotalar mavjud. Poyasi chorva mollari uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi. Ayrim turlari manzarali o’simlik sifatida ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi. Asosiy ekin tarzida bahor (aprelning oxiri yoki may oyi)da va takroriy ekin sifatida iyun oyida ekiladi. 1 gektar maydonga 60-250 kilogramm urug’lik sarflanadi. Ekish chuqurligi 3-5 santimetr. Hosil dukkaklari 75-80% pishganda, dukkaklar kam chatnaydigan vaqtda yig’iladi, xirmonda quritiladi, tozalanadi. Hosildorligi 25-40 ts/ga. Navlari. O’zbekistonda sug’oriladigan yerlarda Navro’z, Kaxrabo va boshqa navlari ekiladi. Loviya zararkunandalari: loviya va no’xat donxo’rlari; kasalliklardan eng ko’p zararlaydigani antraknoz va bakterioz. Ad.: Otaboeva H. va boshqalar, O’simlikshunoslik, T., 2000. Halima Otaboyeva.