Lutfulla Olimiy
Lutfulla Olimiy (1893, Namangan — 1969, Qo’qon) — o’qituvchi va jurnalist. Namangan madrasalarining birida tahsil ko’rgach, 1916 yilda Ufaga borib, Madrasai oliyada o’qigan. 1917 yil Fevral voqealaridan keyin yurtiga qaytib, Namanganda tashkil etilgan «Namuna» maktabida o’qituvchi (1918— 23), shahar xalq maorif bo’limi, madaniy oqartuv muassasida mudir, shahar ijroiya qo’mitasida kotib (1924) bo’lib ishlagan. Ayni paytda «nashri maorif» jamiyati viloyat bo’limining kotibi (1921-23). So’ng Qo’qonga ko’chib borib, 1930 yilga qadar «Farg’ona» («yangi Farg’ona») gazetasida muharrir o’rinbosari (1925-27) va muharrir (1928— 30) lavozimlarida xizmat qilgan. 1930 yilda «Milliy ittiqod» tashkilotining a’zosi sifatida qamoqqa olingan. 1937 va 1949 yillarda 3-marotaba qatag’on etilgan. Qamoqdan qaytgach, xo’jalik ishlarida xizmat qilgan. «Nodira» (1923), «Qizil adabiyotning hozirgi ahvoli» (1924), «Unutilmas shoir» (So’fizoda haqida, 1925) kabi maqolalari bor.