Lyoss

Lyoss (nemischa Loss — yumshoq), soz tuproq — kontinental iqlimda hosil bo’lgan mayda zarrali g’ovaksimon, cho’kindi tog’ jinsi. Rangi sarg’ish yoki och kulrang, g’ovakligi 40-60%. Kaltsiy va magniy karbonat tuzlari Lyoss miqdorining 5% dan ko’prog’ini tashkil qiladi. Lyoss qatlamida mayda tosh va qum bo’lmaydi. Lyossning 60%dan ortiqrog’i 0,05—0,001 mm keladigan changsimon zarralardan, 10% chasi 0,001 mm dan kichik gil zarralaridan iborat. Suv o’tkazuvchanligi bir xil emas. Tarkibidagi tuzlar tsementlash xususiyatiga ega bo’lgani uchun quruq holda qattiq, namda ivuvchan. Lyoss tarkibida suvda tez eriydigan tuz ko’p. Lyossning mineralogik tarkibi kvars, bir oz dala shpatlari, gil minerallari (kaolinit, montmorillonit), kaltsiy, slyudalar va boshqalardan tashkil topgan. Lyossning paydo bo’lishi haqida bir qancha fikrlar mavjud. V. A. Obruchev, F. O. Mavlonov va A. R. Pavlovlar O’zbekiston va O’rta Osiyoda tarqalgan Lyosslarni o’rganish natijasida prolyuvial yo’l bilan, ya’ni tog’ jinslarining nurashidan paydo bo’lgan mayda (0,05— 0,001 mm va undan kichik) zarralarning oqar suvlar (yomg’ir suvlari) ta’sirida yuvilib, tog’ etaklarining pastki tekislik qismlariga oqib kelib yotishidan, shamol vositasida olib klingan zarralarning yig’indisidan paydo bo’ladi deb tushuntiradilar. Ch. Layel va yu. A. Skvorsovlar Lyoss allyuvial yo’l bilan, ya’ni mayda jins zarralarining oqar suvlar (soy, dare) yordamida daryo qirg’oqlariga yotqizilishidan, Lyoss S. Berg va boshqalar. Lyosslar tuproq paydo bo’lish jarayonlari natijasida turli mayda zarrali jinslarning yig’ilishidan, yana bir guruh olimlar esa Lyoss mikroorganizmlar yordamida hosil bo’ladi deb yozadilar. Lyoss Xitoy, O’rta Osiyo, G’arbiy Sibir, Shimoliy Kavkaz,. Shimoliy Qozog’iston, Ukraina va shimoliy Amerikada ko’p tarqalgan. Shahar va qishloq xo’jaliklarida, ekinzorlarning meliorativ holatini yaxshilashda, metropoliten, irrigatsiya va energetika inshootlari va hokazolarni qurishda, temir yo’l va avtomobil yo’llarini o’tkazishda muayyan hududdagi mavjud Lyoss qatlamlarining muhandislik-geologik xususiyatlarini mukammal o’rganish muhimdir. Lyossning qalinligi bir necha metrdan bir necha yuz metrgacha yetadi. Eng qalin Lyoss Xitoy va O’rta Osiyoda tarqalgan (150— 200 metr atrofida). O’zbekistonda Lyoss qalinligi Bobotog’ning shimoliy-g’arbiy yon bag’rida 150 metr, Qarshi va Mirzacho’lda 130 metr, Chirchiq vodiysida 60— 100 metr, Zarafshon va Sangzor daryolari oraligidagi maydonlarda 60-80 metr, Toshkent, Piskent massivlarida 40— 80 metr, Samarqand atrofida 80-100 metr, Tojikistonning Yovon vodiysida 160 metrga yetadi. Lyoss jinslari tog’yon bag’rida, tog’oralig’i botig’i, tog’oldi egilmalari va pasttekisliklarida uchraydi. Masalan, Alp, Karpat toglarida 4000-5000 metr balandlikda, Pomirda 3000-3200 metr, G’arbiy Pomirda 4400-4500 metr, shimoliy Kavkazda 1300-1500 metr, Chatqol-Qurama tog’larida 1000-1800 metr, Bobotog’da 1200-1900 metr, Farg’ona tog’larining Janubi-g’arbida 1700-2200 metrda uchraydi.