Magmatizm
Magmatizm — magmaning suyulishi, uning evolyutsiyasi, harakati, boshqa qattiq jinslar bilan o’zaro ta’siri va qotishini o’z ichiga olgan jarayonlar majmui. Magmatizm Yerning chuqur qismidagi faol harakatlarning eng muhim ko’rinishlaridan biri. Tektonik harakatlar xarakterining o’zgarishi bilan Magmatizm tipi ham o’zgaradi, geologik tarixga va yer po’stining u yoki bu strukturasiga bog’liqligiga qarab geosinklinal, platforma, okeanik va tektonikmagmatik faol ko’rinishlarga bo’linadi. Magmatizmning qanday chuqurlikda joylashganligi (qotish sharoitlari)ga qarab abissal, gipabissal, subvulkan, yuza joylashgan (vulkanizm) Magmatizm, tarkibiga qarab o’ta asosli, asosli o’rtacha, nordon va ishqorli turlari farq qilinadi. «Yangi global tektonika» kontsepsiyasiga muvofiq Magmatizm, asosan, litosfera plitalarining o’zaro harakati zonasida, ularning ikki tomonga surilish (riftlar) joyida va issiklik oqimining yuqoriga ko’tarilish zonasida intensive rivojlanadi. Hozirgi geologik davrda Magmatizm Tinch okeanning vulkanik halqasida, okean o’rtaliq tizmalarida, Afrika va O’rta dengiz atrofi Rift zonalarida rivojlangan. Magmatizm bilan turli-tuman foydali kazilma konlarining paydo bo’lishi bog’liq. Ad:. Abdullayev X. M., Magmatizm i orudenenie Sredney Azii, Sobr.soch. (v 5ti t., t. 5), T.,1965; Xamrabaev I. X., Magmatizm i postmagmaticheskie prosessi v Zapadnom Uzbekistane, T., 1958.