Mardikorlik
Mardikorlik-1) o’rta asrlarda O’rta Osiyoda markaziy (xon, amir) yoki mahalliy hukumat farmoni bilan natural majburiyatni bajarish, shuningdek, katta yer egalari yerida ishlovchi dehqonlar mehnatidan foydalanish. Kanal qazish, uni ta’mirlash, harbiy istehkomlar qurish va boshqa og’ir yumushlarni bajarishda mardikorlar-safarbar qilinganlardan foydalanilgan. Ba’zan markaziy hukumat farmoni bilan Mardikorlikka viloyatlar aholisi jalb etilgan. Bunday Mardikorlik “mardi vilo” deb atalgan; 2) 1-jahon urushi davrida podsho Rossiyasidagi chekka o’lkalardan front orqasiga majburan safarbar qilingan erkaklar mehnati. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay II ning “Imperiyadagi rus bo’lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida harbiy inshootlar, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo’lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” farmoniga muvofiq Sibir, Qozog’iston, O’rta Osiyo va Gruziya mahalliy aholisidan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan 400 ming erkak safarbar qilinishi mo’ljallandi, jumladan, Turkistondan 250 ming kishi safarbar qilinishi kerak edi. Bu farmon tub aholi qahr-g’azabi va noroziligini yanada qo’zg’atib, qo’zg’olon ko’tarilishiga turtki bo’ldi.