Memuar
Memuar (fransuzcha memoire-xotira, esdalik), yodnoma, esdalik-real voqea-hodisalar ishtirokchisi yoki guvohining o’tmish haqidagi xotira asari. Memuar uchun birinchi shaxs nomidan bayon qilinishi, voqealar va faktik materiallarning ko’pligi, muallifning tasvir ob’yektiga sub’yektiv munosabatining o’ziga os shaklda namoyon bo’lishi xarakterlidir. Memuarda real voqealar majmuasi ko’pincha siyosiy xronika, biografik va ilmiy ahamiyatga ega materiallar bilan uzviy bog’lanib ketadi. Memuarning ilk namunalari antik adabiyotda yaratilgan. O’rta asrlar, uyg’onish va keyingi davrlarda Memuarning xilma-xil turlari paydo bo’ldi. Memuar yaratish Sharq adabiyotida qadimgi an’analarga ega. Nosir Xisravning “Safarnoma”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye ul-vaqoye”, Boburning “Boburnoma” asarlari Memuar namunalaridir. Memuarlarning tarixiy hujjat sifatidagi qimmati ularga xos qilib olingan voqealarning mohiyati, bayonning izchil va aniqligi bilan belgilanadi. Turmushning turli vositalari, xalq urf-odatlarining aniq tasvir etilishi jihatidan Memuarlar etnografiya uchun muhim manbadir.