Najmi Soniy

Najmi Soniy (ikkinchi Najm) (lakabi; asl ism-sharifi Amir Najmiddin yor Ahmad Isfahoniy) (? — 1512.12.10, G’ijduvon) — Eron shohi Ismoil I Safaviyning eng mashhur sarkardasi. «Najmi Soniy» laqabini 7-asr oxiridagi Arab sarkardasi nomidan olgan. 1512 yil Bobur Movarounnahr taxtini qaytarib olish uchun kurashayotganda uning iltimosiga ko’ra, Ismoil I qizilboshlilarning katta qo’shiniga (12 ming askar) Najmi Soniyni qo’mondon qilib yordamga jo’natgan. Bobur Najmi Soniy qo’shini bilan Qarshini qamal qilib, 3-kuni uni egallagan, qizilboshlilar shahar aholisini qatliom qilishgan. Najmi Soniy hech qanday qarshilikka uchramay Buxoro tomon yurib G’ijduvonni qamal qilgan. Bu yerda to’satdan Shayboniylar qo’shinining shiddatli hujumiga duch kelib, tor-mor qilingan. Najmi Soniy jangda halok bo’lgan. Ko’p sonli qizilboshlilar qo’shinidan oz qismigina yurtiga qaytib ketgan. Bobur bilan Ismoil I Ittifoqi barham topgan. Bobur yana Kobul mulkiga qaytib ketishga majbur bo’lgan.