Namangan «atlas» aktsiyadorlik jamiyati
Namangan «atlas» aktsiyadorlik jamiyati – O’zbekistondagi yirik to’qimachilik korxonasi. «O’zbek ipagi» uyushmasining «shoyi» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Korxona, asosan, tabiiy ipak, sof ipakdan tayyorlangan milliy xonatlas, tandasi sof ipak va arqog’i paxta ipli adras va beqasam gazlamalari hamda sof ipakdan qadimgi miniatyuralar tasvirlari bilan gilamlar ishlab chiqaradi. Jamiyat tarkibida pillakashlik, bo’yoqchilik, to’quvchilik korxonalari bor. 1925 yilda mahalliy hunarmand, to’quvchi kosiblarni birlashtirgan «Yangi rivojiya» arteli tashkil etilgan. 1962 yilda korxona Namangan shoyi to’qish fabrikasiga aylantirildi. 1971 yilda Namangan abrli shoyi to’qimachilik kombinati, 1994 yildan hozirgi nomda. 1973 yillarda 202 tonna ipak ishlab chiqaradigan pillakashlik korxonasi, 1976-80 yilda 7,2 million Metr milliy gazlama ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan bo’yoqchilik va to’quvchilik korxonalari ishga tushirildi. 1994 yilda kombinat davlat tasarrufidan chiqarildi va aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 1998 yilda pillani qayta ishlash jarayonida chiqqan chiqindilardan ipak tayyorlashga ixtisoslashgan «Silk Road» O’zbekiston—Yaponiya qo’shma korxonasi ishga tushirildi. 2002 yilda paxta ipi ishlab chiqaradigan «Channa-teks» O’zbekiston—Xitoy qo’shma korxonasi qurib bitkazildi. 2003 yilda esa Janubiy Koreyaning «ay-Di-zi» korporatsiyasining zamonaviy pillakashlik Avtomatlari o’rnatilib, korxona quvvatlari oshirildi. Mahsulotlari xorijga eksport qilinadi. Korxonada 1,6 million metr tayyor gazlama (shundan 956 ming metr ipak gazlama, 645 ming metr ip gazlama), 65 tonna tabiiy ipak tayyorlandi (2002). Korxonada 3000 ga yaqin ishchimuxandis xodimlar ishlaydi.