Namoyon

Namoyon (forscha — ko’rinish, manzara) — naqsh mujassamoti; atrofi hoshiya naqsh (ko’pincha zanjira, ruta) bilan o’ralgan bezak, tasvir va boshqalardan iborat. Amaliy bezak san’atida vokelik (chamanzor, bog’u bo’ston, daryo, gul, barglar va boshqalar) ning shartli umumlashma tasviriy obrazini o’zida aks ettiradi. Asosan, O’rta Osiyo naqqoshligiga xos bo’lib, mustaqil naqsh mujassamotining eng murakkab turi. Namoyon yaratishda usta naqqoshlar girih va islimiy naqshlardan mohirona foydalanadi, Namoyonni uzoq va yaqindan ko’rinishini qisobga oladi. Naqshning band va tanoblarini darajalarga ajratib, birinchi darajali naqsh chiziqlariga alohida ahamiyat beradi. Namoyonda girih asosiy, o’simliksimon naqsh to’ldiruvchi o’rin tutadi va u asosiy naqsh (girih)ni bosib o’tmaydi. Faqat girixdan tuzilgan Namoyonda ham asosiy va to’ldiruvchi naqshlar bo’ladi, ya’ni yirik girihlar ichiga maydalari chiziladi. O’zbekiston hududidagi har bir vohada Namoyon bir-biridan farq qiluvchi o’ziga xos bezak uslubiga ega: Xiva naqqoshligida Namoyon bandlari bir-biri bilan o’zaro chetan kabi bog’lanadi, barglar kam ishlatiladi, mujassamot rivojlanish xususiyatiga ega, unda harakat, mavj ko’proq ko’zga tashlanadi; Toshkent naqqoshligida Namoyonlar o’simlik gullarining ko’pligi bilan ajralib turadi; Farg’ona Namoyonlarida tabiatdagi gul, barg, mevalar va boshqalar to’g’ridan-to’g’ri tabiiy shakdda tasvirlanadi. Zamonaviy me’morlikda, binolar bezaklarida, mustaqil amaliy bezak san’ati asarlarida Namoyonlar rang-barang: mehrobi Namoyon, chorsi Namoyon, seraftor Namoyon, majnuntol Namoyon va boshqalar. Jumladan, Navoiy teatri binosi bezaklarida Namoyonning ajoyib namunalarini ko’rish mumkin.