Namozgohtepa

Namozgohtepa — eneolit va jez davriga oid qishloq xarobasi. Janubiy Turkmanistonning Kopetdog’ etaklarida joylashgan, maydoni 70 gektar. 1949-52 yillarda professor B. A. Kuftin boshchiligidagi arxeologlar guruhi qazishmalar olib borgan va butun O’rta Osiyo eneolit va jez davriga tegishli arxeologik davriy sistemasi ishlab chiqilgan. 1950-yillarning o’rtalaridan boshlab yodgorlikni keng ko’lamda o’rganish ishi bilan V. M. Massoy boshchiligidagi Sankt-Peterburg arxeologlar guruhi shug’ullanib kelgan. Namozgohtepada madaniy qatlamning qalinligi joylarda 34 metrgacha boradi. Namozgohtepa madaniy qatlamlari 6 ta xronologik bosqichlarga (namozgoh 1-6) bo’lingan. Ulardan Namozgoh 1-3 eneolit davriga, Namozgoh 4-6 esa jez davriga oiddir. Namozgoh — 1 (ilk eneolit) davrida aholi xom g’ishtdan kurilgan bir xonali uylarda yashagan. Namozgoh — 2 (o’rta eneolit) davriga kelib, uy-joy qurilishida ko’p xonali uylar paydo bo’ladi, bu davr qishloklarining atrofida mudofaa devorlari qad ko’tara boshlagan. Ko’p xonali uylar orasida doyra shaklida otashgohlar qurilgan. Namozgoh — 3 davriga kelib (so’nggi eneolit), qishloqlarning hududi ancha kengayadi, uy-joy majmualari qoshida hovlilar paydo bo’lgan, hovlilarni birlashtiruvchi tor ko’chalar rasmiylashadi, ko’chalar esa qishloq markaziga joylashgan ochiq maydonga tutashadi. Eneolit davrining mehnat qurollari, asosan, toshdan, suyakdan va qisman misdan ishlangan. Sopol ishlab chiqarishda hali kulollik charxi kashf etilmagan, sopol idishlar qo’lda yasalgan. Masalan, Namozgoh — 1 davri idishlariga qora mineral rang bilan geometrik naqsh berilgan. Namozgoh — 2 bosqichi sopol idishlarining shakli va ularning sirtiga tushirilgan naqshlar sodda va ko’p jihatdan Namozgoh — 1 sopollaridan kam farq qilsada, ammo Namozgoh — 1 davrining «monoxrom» naqshlari o’rnida Namozgoh — 2 davrining «polixrom» naqshli sopollar yasala boshlagan. Namozgoh — 3 davriga kelib, avvalgi sodda qilib ishlangan geometrik naqshli sopollar o’rnini murakkab, jimjimador nozik gulli sopollar egallaydi. Sopollarga «gilam gulli naqsh» deb yuritilgan bezak berilgan. Hayvon va parrandalarning suratlarini tushirish odati yanada keng tus oladi. Bu esa urug’doshlik jamoasining diniy tasavvurlarini «totemlar» ko’rinishida namoyon bo’lishidan guvoxlik beradi. Eneolit davri xo’jaligining asosini sug’orma dehqonchilik va xonaki chorvachilik tashkil etgan. Namozgox, — 2 davridan boshlab sun’iy suv omborlari qurish boshlanadi. Namozgoh — 4 davri majmualari Namozgohtepada ilk jez davrining boshlanishidan guvoxlik beradi. Dehqonchilik va xonaki chorvachilik xo’jaligi, hunarmandchilikning turli sohalari keng rivojlanadi. Namozgoh — 4 davrining so’nggi bosqichida kulollik charxi kashf etiladi. Natijada sopol ishlab chiqarish sohasida shunday sezilarli o’zgarishlar yuz beradiki, oqibatda O’rta Osiyoning Janubiy rayonlari o’z taraqqiyoti bilan ko’p jihatdan Qadimgi Sharq madaniyatiga yaqinlashib qoladi. Sopol ishlab chiqarishda bikonik shakldagi idishlar., qadah va vazasimon idishlar paydo bo’ladi. Idishlarning sirtiga daraxtlar, echki va qushlarning suratini solish keng tus oladi. Idishlarga «gilam gulli naqsh» solish davom etadi. Shu bilan birga Namozgoh — 4 davrining so’nggi bosqichida tiniq rangli gulsiz sopollar ko’payadi. Me’morlikda monumental inshootlar qurish kuzatiladi. Namozgoh — 5 bosqichida jez davrining gullagan pallasi bo’lib, har sohada rivojlanish- ning kjsak darajasi kuzatiladi. Sopol ishlab chiqarish korxonalarining mahsuloti to’la-to’kis tovar xarakterini oladi. Sopol idishlarning turi va xili ko’payadi. Sopollarning mutlaq aksariyati naqshsiz ishlab chiqariladi. Me’morlikda monumental inshootlar qurish keng tus oladi. Tom ma’nodagi ilk shahar shakllanadi. Namozgoh — 5 davrida yuz bergan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy o’zgarishlar Namozgoh — 6 davrida yanada kengroq va chuqurroq davom etadi. Namozgohtepada so’nggi davr katlamlari kam uchratildi. Buning boisi, aynan shu davrdan e’tiboran metropoliyalardagi shahar xayoti yangi mintaqalarga ko’chadi (masalan, Murg’ob voqasi va qadimgi Baqtriyaga). Ad.: Massoy V. M., Srednyaya Aziya i Drevniy Vostok, M.—L., 1964. Ahmadali Asqarov.